Xitoylik olimlar quyosh panellari samaradorligini 33 foizga yetkazdi

Xitoylik olimlar yangi avlod quyosh panellarini yaratish yoʻlida ulkan qadam tashladilar: ular foydali ish koeffitsienti (FIK) 33 foizdan yuqori boʻlgan perovskit-kremniyli quyosh elementini ishlab chiqishga muvaffaq boʻlishdi. Loyihada Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi Ningbo sanoat materiallari va muhandislik instituti (NIMTE), Suchjou va Taychjou universitetlari mutaxassislari hamda S.C Exact Equipment Co. kompaniyasi ishtirok etdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Texnologiyaning asosiy gʻoyasi oddiy kremniy va perovskit qatlamini birlashtirishdan iborat. Bunday “tandem” quyosh elementlari energetika kelajagi hisoblanadi, chunki ular anʼanaviy kremniyli panellarga qaraganda bir xil maydondan sezilarli darajada koʻproq energiya olish imkonini beradi. Uzoq vaqt davomida bunday elementlarning asosiy muammosi kremniy asosining konstruksiyasi bilan bogʻliq edi.
Yorugʻlikni yaxshiroq tutish uchun kremniy yuzasi gʻadir-budur qilinadi va mikroskopik “piramidalar” bilan qoplanadi. Biroq aynan shu tuzilmalarning uchida perovskit qatlami notekis yotishi oqibatida tok sizib chiqishi va barqarorlik pasayishi kuzatilar edi. Xitoylik tadqiqotchilar “selektiv passivatsiya” usuli orqali ushbu muammoni hal qilishdi. Polistirol sharchalar yordamida kremniy piramidalari uchiga alyuminiy oksididan oʻta yupqa himoya qatlami surtildi.
Natijada rekord darajadagi samaradorlikka erishildi. Taqqoslash uchun, oddiy seriyali panellarning FIK koʻrsatkichi 20–23% atrofida boʻlsa, eng yaxshi tijoriy yechimlar 24% ni tashkil etadi. Yangi batareya chidamlilik borasida ham yaxshi natija koʻrsatdi: 1000 soatlik uzluksiz ishdan soʻng uning samaradorligi 90% darajasida saqlanib qoldi. Eng muhimi, ushbu texnologiya mavjud sanoat liniyalariga mos keladi, yaʼni ishlab chiqaruvchilar zavodlarni butunlay qayta qurishlariga hojat qolmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!