16:24 / 27.01.2018
4 652

«Exadel Inc.» kompaniyasi o‘zbekistonlik dasturchilarga 2000 AQSh dollari atrofida maosh berishga tayyor

«Exadel Inc.» kompaniyasi o‘zbekistonlik dasturchilarga 2000 AQSh dollari atrofida maosh berishga tayyor
«Exadel Inc.» vakillarining O‘zbekistonga tashrifi haqida xabar bergan edik. Mazkur xalqaro kompaniya O‘zbekistondagi IT-bozorda hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Kecha dastlab Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida «Exadel Inc.» korporatsiyasi vitse-prezidenti Gregori Katsman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida saytimizda ma’lumot berib o‘tdik.

«Exadel Inc.» vakillari «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markaziga ham tashrif buyurishdi. Bu yerda markaz rezidentlari va kompaniya vakillari — vitse-prezident Gregori Katsman hamda HR-menejer Yelena Krukovskaya o‘rtasida muloqot tashkillashtirildi. Tadbir tanishtiruv maqomiga ega bo‘lib, unda mehmonlar asosan o‘z kompaniyalari, O‘zbekiston bozorida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan rejalari hamda MUIC rezidentlari hisoblangan IT-kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha ma’lumot berishdi.

Gregori Katsman. Foto: «Xabar.uz»

Gregori Katsman:
Kompaniyamizning turli mamlakatlarda 15dan ortiq ofisi bor. Ishni 10 nafar mutaxassis bilan boshlagan bo‘lsak, hozir kompaniya xodimlari soni 1000 nafardan oshadi. Biz Belarus yuqori texnologiyalar parki tajribasidan yaxshi xabardormiz, u yerda faoliyat olib boramiz. Eshitishimizcha, «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi ham o‘z rezidentlariga keng imkoniyatlar beradi. Vaziyatni yaxshilab tahlil qilib, O‘zbekistonda o‘z ofisimizni tashkil etish niyatidamiz. Shunda biz bu yerda malakali kadrlar resursini shakllantirish imkoniga ega bo‘lamiz.

Yelena Krukovskaya. Foto: «Xabar.uz»

Yelena Krukovskaya:
Biz nafaqat dasturchilarni ish bilan ta’minlaymiz, balki talantlarni qidirish va yetishtirish bilan ham shug‘ullanamiz. Bu borada universitetlar bilan aloqalar o‘rnatamiz. Agar avvallari asosan laboratoriyalar tashkil etish bilan shug‘ullangan bo‘lsak, hozir deyarli o‘qituvchilar bilan teng ishlayapmiz. Biz maxsus kurslar tashkil etib, unda eng so‘nggi texnologiyalar haqida ma’lumot beramiz. Shunga qarab o‘quv dasturlarimiz tez-tez yangilanib turadi. Eng kuchli va sara mutaxassislarimiz bu kurslarda talabalarga saboq beradilar. Kurslarimiz bepul. Ikki oy ichida tinglovchilar ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishadi. Shu ikki oy ichida amaliyotda birorta loyiha ustida ish olib boradilar. Ishlanmalari natijasiga qarab, ularni kompaniyaga ishga olamiz.

Innovatsiya markazi rezidentlari mehmonlarga qator savollar bilan murojaat qilishdi. Qaysi yo‘nalishdagi mutaxassislar kerak, qanday texnologiya va dasturlash tillarida ishlash talab qilinadi, ish haqlari, «B2B» uslubida hamkorlik qilish shartlari va hokazolar haqidagi savolariga javob olishdi.

Innovatsiya markazi rezidentlari. Foto: «Xabar.uz»

«Exadel Inc.» tomonidan har bir mamlakat bozori talablaridan kelib chiqib, turli ofislari xodimlariga o‘rtacha 2000-3000 AQSh dollari miqdorida oylik maosh to‘lanar ekan.

Maosh to‘lashda mamlakatlar soliq siyosatining ham ta’siri bor, shu sabab «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi taqdim etayotgan imtiyozlar «Exadel Inc.» vakillari qiziqishini oshirgan. Agar kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofisini ochsa va hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, bu yerda ham xodimlariga yaxshi haq to‘lashlari mumkinligini bildirishdi.

Uchrashuv yakunlangach, «Exadel Inc.» vakillari yana bir soat vaqt ajratishdi va rezidentlar bilan individual muloqotda bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, «Exadel Inc.» — dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-konsalting bilan shug‘ullanadigan xalqaro kompaniyadir. U 1998 yilda tashkil topgan. Bosh ofisi Kaliforniya(AQSh)da joylashgan. Kompaniya olti davlatda ishlab chiqarish markazlari hamda AQSh, Belarus, Ukraina, Litva, Rossiya va Polsha davlatlari shaharlarida 800 nafardan ortiq xodimiga ega. Kompaniya tashkil etilgan kundan boshlab dunyoning yirik kompaniyalari: Deutsche bank, Bank of America, eBay, Sears, Abn-AMRO Bank, RBS, Sears, SAMSUNG va boshqa kompaniyalar uchun 500 dan ortiq loyihani amalga oshirgan.

Manba: xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «Exadel Inc.» kompaniyasi o‘zbekistonlik dasturchilarga 2000 AQSh dollari atrofida maosh berishga tayyor