09:03 / 10.06.2018
3 329

Aloqabank O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kobeydj kartalarini muomalaga chiqaradi

Aloqabank O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kobeydj kartalarini muomalaga chiqaradi
Foto: «aloqabank.uz»
Joriy yilning may oyida Yagona umumrespublika protsessing markazi (YaUPM) va AT «Aloqabank» rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida joylashgan «China UnionPay» kompaniyasining Bosh ofisiga tashrif buyurishgandi.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra YaUPM va «UnionPay International» o‘rtasida kobeydj kartalarini muomalaga chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Kobeydj kartalari bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bankning belgilab olinishi ushbu kelishuvning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Natijada ikkala tarafning qaroriga ko‘ra har ikki to‘lov tizimining a’zosi bo‘lgan AT «Aloqabank» hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank sifatida tanlandi. Shu bilan birga, AT «Aloqabank» O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kobeydj kartalarni muomalaga chiqarish sharafiga muyassar bo‘ldi, deb xabar beradi «Aloqabank» matbuot xizmati.

Foto: «aloqabank.uz»
Kobeydj kartalarining afzalliklari:
  • milliy valyutadagi (ish haqi doirasidagi) kartadan chet elda foydalanish imkoniyati mavjud;
  • chet elga chiqayotganda milliy valyutani xorijiy valyutaga konversiya qilish zarurati yo‘q;
  • pul o‘tkazmalarini imtiyozli (nisbatan pastroq) tariflarda amalga oshirish mumkin;
  • har ikki to‘lov tizimida mavjud bo‘lgan imtiyozlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi (onlayn to‘lovlar, mijozlarni rag‘batlantirish tizimlari).

Ma’lumot uchun: Kobeydj karta – O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatli banklar tomonidan emissiya qilinuvchi «UzCard» va «UPI» to‘lov tizimlarining hamkorlikdagi kartasi bo‘lib, undan har ikkala to‘lov tizimining infrastrukturasida foydalanish mumkin. Kobeydj karta milliy valyutadagi (so‘m) yagona hisobraqamga bog‘langan bo‘lib, so‘mni AQSh dollariga bir zumda avtomatik ravishda konvertatsiya qilinishi evaziga uning saqlovchisiga chet elda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

«UnionPay International» (UPI) – «China UnionPay» kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lib, «UnionPay» to‘lov tizimining Xitoy Xalq Respublikasidan tashqaridagi faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. «UnionPay» kartalari butun dunyo bo‘ylab 1 700ta moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda dunyoning 168 ta mamlakatida tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish va naqd valyuta mablag‘larini yechish imkonini beradi. Ular dunyoning 48 dan ortiq mamlakatida, jumladan O‘zbekiston Respublikasida ham emissiya qilinadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)