17:00 / 30.04.2020
1 748

«Biznes ochish oson, raqobat muammo»: o‘zbek dasturchisi AQSHdagi qiyinchilik va qoidalar haqida

«Biznes ochish oson, raqobat muammo»: o‘zbek dasturchisi AQSHdagi qiyinchilik va qoidalar haqida
Asli farg‘onalik bo‘lgan Jon Toshmatov 1976 yil Farg‘ona viloyati, Navbahor shaharchasida tug‘ilgan. AQSHda yashayotgan vatandoshimiz, «My IT Education» kompaniyasi egasining IT sohasidagi muvaffaqiyat sirlarini bilish uchun u bilan bog‘landik.

– Avvalo o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz, IT sohasini o‘rganish uchun qaysi dargohlarda ta’lim olgansiz?
– Farg‘ona Politexnika universitetida ta’lim olganman. So‘ng AQSHning o‘qish va malaka oshirish dasturi bo‘yicha «California Polytechnic State University»ga kirdim. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganimdan so‘ng Ayova shtatidagi Klark universiteti, kompyuter texnologiyalari yo‘nalishini tugatdim. Florida shtatining «Saint-Leo» universitetida magistr tizimida ham o‘qidim.

– Bolalikdan qaysi kasb egasi bo‘lishni orzu qilgansiz? Bu orzungiz keyinchalik o‘zgardimi?
– Bir paytlar astronavt bo‘lishni orzu qilganman, keyinchalik futbolchi bo‘laman deganman, bundan tashqari aktyorlikka ham qiziqib, hatto shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga ham kirmoqchi bo‘lganman. Oxirgi yillarda dunyoning iqtisodiy va siyosiy xaritalari o‘zgarishi sabab, ko‘proq xalqaro iqtisodiy aloqalarga qiziqa boshladim. Lekin baribir matematika va fizikaga bo‘lgan qiziqishim ustunlik qilib, texnologiya, ya’ni texnika va kompyuter yo‘nalishini tanlaganman.

– AQSHga nima maqsadda borgansiz? Hozirda ko‘pchilik havas qiladigan natijalarga erishdingiz, muvaffaqiyatingiz siri nimada?
– AQSHga o‘qish va tajriba orttirish niyatida kelganman. Bilmadim, hamma havas qiladigan darajaga yetdimmi yoki yo‘q, lekin AQSHda men nufuzli universitet va o‘quv markazlarida tahsil oldim. Kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirdim, hozirda esa Nyu-York shahrida o‘z vatandoshlarimga informatsion texnologiyalar bo‘yicha ta’lim berib kelmoqdaman. Amerika imkoniyatlarga boy davlat bo‘lishi bilan birga, o‘ziga xos raqobat kuchiga ham ega.

Fe’limda taslim bo‘lmaslik bor. Har bir qilayotgan ishingizda albatta, to‘siqlar uchraydi, boshida o‘xshamasligi mumkin, lekin odam taslim bo‘lmasdan yo‘lida davom etsa, menimcha hamma narsaga erishsa bo‘ladi. Keyinchalik o‘z tajribangizga ega bo‘lganizdan so‘ng, og‘ir mehnat aqliy mehnatga o‘tadi, o‘shanda siz o‘z ishingiz ustasiga aylanib borayotganingizni tushunasiz.

– Bugungi biznes faoliyatingiz haqida gaplashsak. U nimalardan iborat?
– Bugungi kunda AQSHning Nyu-York shahrida vatandoshlarimiz soni ko‘payib bormoqda. Barchamizga ma’lum, AQSHda vatandoshlarimiz o‘zlari tanlagan kasblarini davom ettirishlari juda qiyin. Buning uchun tilni mukammal bilish va 4-5 yillik bakalavr tizimida o‘qish lozim. Shuning uchun men qisqa muddatli, ya’ni 6-9 oy oralig‘ida o‘qish mumkin bo‘lgan IT-kurslarini ochganman. Vatandoshlarimga IT sohasida kerakli bo‘ladigan bilimlarni o‘rgataman. IT sohasi juda keng qamrovli, tibbiyot, jurnalistika, sport, haydovchilik, biznes yuritish va yana ko‘plab kasblarni o‘z ichiga oladi. Ko‘plab vatandoshlarimiz tibbiyot sohasiga qiziqqan holda o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha IT-texnologiyalarni o‘rganib, ishlab kelishmoqda.

– AQSHda biznes ochish ancha oson deyishadi. Biroq raqobatning kuchi natijasida aksariyat kompaniyalar tanazzulga yuz tutar ekan. Aynan raqobat muhiti haqida fikringizni bilmoqchi edik.
– AQSHda biznes ochish ba’zi bir mamlakatlarga qaraganda osonu, lekin o‘ziga yarasha murakkab ro‘yxatdan o‘tish tartiblari bor. AQSH hukumati har bir tadbirkorga imkoniyat beradi, imkon berishga harakat qiladi. Tadbirkor avvalambor, biznes ochishdan oldin o‘z mahsuloti yoki servisining bozorini va raqiblari faoliyatini o‘rganishi zarur. Raqobat borki, takomillashish bor. Bu erkin bozorning rivojlanishiga yo‘l ochadi.

Muvaffaqiyatga erishish uchun korxona albatta, quyidagi asosiy tamoyillarga e’tibor berishi zarur deb o‘ylayman: mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, mahsulot yoki xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartlar bo‘yicha olib borish, innovatsiya va kelajak texnologiyalariga sarmoya qilish, mijozlar bilan aloqa qiladigan vositalar yoki portallarni qurib borish, ishga olish tartibini eng yuqori darajasini yo‘lga qo‘yish va har bir nomzodga ishga olish jarayoni va ish davomida yordam berish.

Bundan tashqari ishchilar yillik sinov va suhbatlardan o‘tishi lozim. Ish joylarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlari yoki ko‘rsatmalari bo‘lishi zarur. Har bir dam olish yoki oshxona hamda ish joyida mehnat vazirligining yangiliklari ilingan bo‘lishi kerak. Boshqaruv xodimlari va ishchilari bilan tez-tez muloqotda bo‘lib, oylik yoki haftalik majlislarini o‘tkazib turish ham foydali deb o‘ylayman.

– O‘zbekistonda ham biznes ochish niyatingiz bormi va u qaysi sohada bo‘ladi?
– O‘zbekistonda biznes ochish niyatim bor. IT-o‘quv markazini ochmoqchiman. Unda malakali dasturchilarni tayyorlab, dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlaridan mijozlar topib, O‘zbekiston dasturchilarini ish bilan ta’minlash niyatidaman.

– O‘zbekiston deganda ko‘z oldingizga birinchi bo‘lib nima yoki kim keladi?
– To‘g‘risini aytsam, boshida sog‘inch bo‘ladi, ota-onani, uyni, tug‘ilib o‘sgan ko‘chalar va maktabimni qattiq sog‘inardim. Lekin vaqt o‘tib, odamzod hamma joyga va har xil sharoitga ko‘nikar ekan. O‘zbekistonimizning to‘ylarini, bayramlarini va xalqimizning mehrini sog‘inaman.

– O‘zbekistonlik yoshlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
- Ko‘plab yutuqlar xatolar evaziga keladi. O‘zim doim rioya qiladigan bir shior bor: «Aqlli odam o‘z xatolaridan saboq oladi, aqlliroq odam esa boshqalarning xatosidan saboq oladi, ammo dono odam boshqalarning muvaffaqiyatidan o‘rganadi». Hech qachon erishgan darajangizda to‘xtab qolmang, har doim yanada balandroqqa ko‘tarilishga intiling. Kelajakka qandaydir meros qoldirishga intilib yashash kerak.

– «My IT Education» kompaniyasining kelajagi, asosiy jihatlari haqida gapirsangiz. To‘rt yillik o‘qish davomida olinadigan bilim va ko‘nikmalarni olti oyda o‘rganish mumkinmi? Shu paytga qadar nechta shogird chiqardingiz va ular qayerlarda faoliyat ko‘rsatishyapti? O‘zbekistondan turib ham o‘quv markazingizda onlayn ta’lim olsa bo‘ladimi?

– «My IT Education»ning oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi, bu AQSHdagi vatandoshlarga IT sohasining fundamental bilimini o‘rgatish va ularga shu soha bo‘yicha ish topish malakasini tushuntirish. Hozirgi markazda ta’lim olganlardan beshtasi «Zend Sertifikat Muhandisi» unvoniga ega bo‘ldi va bir nechtasi shu sohada ishlab kelmoqda. Faoliyatimizni yaqinda boshlaganimiz sababli, hali natijalarimiz u darajada katta emas.

Agar to‘rt yillik bakalavr tizimini o‘qib bitirish uchun o‘rtacha 120 ta kredit kerak bo‘lsa, o‘shaning yarmidan ko‘pi ta’limning umumiy darslari hisoblanadi, ya’ni tarix, ingliz tili va shu kabi gumanitar fanlar kiritiladi. «My IT Education»da biz faqat kompyuter sohasiga kerakli bo‘lgan fanlarga e’tiborimizni qaratamiz va ko‘proq haqiqiy loyihalar ustida ishlash bo‘yicha tajriba oshiramiz.

Hozirda biz: HTML, CSS, jаvascript, JQuery, Angular, Bootstrap, PHP, SQL, AWS va yana ko‘plab dasturlash darsliklari bilan vatandoshlarimizga ta’lim berayapmiz. Dastur oxirida talabalarga rezyumelar yozish va ish suhbatlariga tayyorlanishda ko‘maklashamiz. O‘zbekistondagilar ham albatta, bizning kurslarda onlayn ravishda ta’lim olishi mumkin, bunga faqat kompyuter va internet bo‘lsa bas.

– Yoshlarga karantin paytida nimalarni tavsiya qilasiz?
– Tavsiyam, IT-sohalari bo‘yicha onlayn tizimda saboq olishlari mumkin. Dasturlashni o‘rganib olishsa, O‘zbekistondan turib katta-katta kompaniyalar bilan ishlashlari mumkin. Agar siz IT-sohasida dastur tilini bilsangiz, xohlagan joyda ishlashingiz mumkin. Qayerdan bo‘lishingizdan qat’i nazar. Chunki bu soha chegara tanlamaydi. Siz texnologiya tillarini yaxshi bilsangiz bo‘ldi.

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «Biznes ochish oson, raqobat muammo»: o‘zbek dasturchisi AQSHdagi qiyinchilik va qoidalar haqida