15:07 / 18.07.2020
1 321

«Oliy ma’lumotsiz ham katta mablag‘ topsa bo‘ladi» – IT-Park direktori o‘rinbosari

«Oliy ma’lumotsiz ham katta mablag‘ topsa bo‘ladi» – IT-Park direktori o‘rinbosari
Har yili mamlakatimizda bir million nafardan ortiq abituriyentlar o‘qish istagida oliy o‘quv yurtlarga hujjatlarini topshiradi. Ammo o‘qishga kirish baxti 100 mingdan ziyod yoshlarga nasib qiladi, xolos.

Xo‘sh, unda talaba bo‘lolmagan yoshlar nima qilishlari mumkin? «Xabar.uz» muxbiri IT-Park direktorining hududiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Nodir Alibekov bilan shu mavzuda suhbat uyushtirdi.

– Savolingiz judayam dolzarb. O‘qishga kirolmaganlarni, umuman, barcha yoshlarning bandligini ta’minlash o‘ta muhim vazifa. Shu sababli bu borada IT-Park o‘z loyihasini ishlab chiqqan. Hozirda nafaqat poytaxtda, balki hududlarga ham e’tibor qaratilib, yoshlarning internet va kompyuter imkoniyatlaridan samarali foydalanishga jalb qilyapmiz. Buning yechimi sifatida joylarda IT-Park filiallari va Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilmoqda. Bu yerda yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim qilinmoqda. Markazlar uzluksiz elektr ta’minoti va tezkor internet bilan ta’minlangan, ya’ni bu yo‘nalishda 24/7 tizimi joriy etilgan.

Davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan vazifalarga asosan hozir axborot texnologiyalari yo‘nalishida fundamental ishlar olib borilmoqda. Maktabdan boshlab yirik kompaniyalargacha IT-xizmatlari ko‘rsatadigan mutaxassislar bazasini shakllantirshga kirishganmiz.

Bu yil hududlarda IT-Parkning oltita filiali ochiladi. Qo‘shimcha ravishda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari orqali yoshlarni dasturlashga o‘qitish ishlari olib borilmoqda.

Yana, shuningdek, xabaringiz bor, respublikamizda «Bir million dasturchi» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha bilan maktablarning 7-sinfidan 11-sinfigacha bo‘lgan o‘quvchilari ham qamrab olingan.

Endi raqamlarga murojaat qilsak. Shu yo‘nalishlarda bir yilda 50 ming nafar frilanser tayyorlansa, ularning ichidan eng iqtidorli 15 nafar frilanser yiliga kamida o‘rtacha 6000 AQSH dollari ishlab topsa, yil yakuniga kelib 100 million dollarlik IT-xizmatlari eksportini amalga oshirishimiz mumkin.

Axborot texnologiyalari yo‘nalishida yoshlarimiz bor imkoniyatlardan samarali foydalanishsa juda katta mablag‘ ishlab topishlari mumkin. Buning uchun oliy ma’lumot ham talab qilinmaydi. Faqatgina iqtidorni ishga solish kerak bo‘ladi.

Mamlakatimizda, deylik 1 million 300 ming abituriyent oliy o‘quv yurtiga hujjat topshiradi. Ularning 130 ming nafariga yaqini o‘qishga kirishi mumkin. Qolgan 1 million 170 ming nafarini IT-sohasi bilan band qilish mumkin. Ularni Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 9 oy davomida o‘qishlarini tashkil qilib bera olamiz. O‘qishni bitirib ular IT-Parkka rezident sifatida ishga kirishi, frilanserlik qilishlari mumkin. Yoki startap jamoasini shakllantirishi, axborot texnologiyalari bo‘yicha kompaniya tashkil qilib, IT-Park rezident bo‘lishi, imtiyozlardan foydlanishlari mumkin bo‘ladi, – deydi Nodir Alibekov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)