08:57 / 22.08.2020
2 472

Rossiyada muhojirlarni nazorat qiluvchi mobil ilova yaratiladi

Rossiyada muhojirlarni nazorat qiluvchi mobil ilova yaratiladi
Foto: Ivan Sekretarev / AP
«Kommersant’» xabariga ko‘ra, platforma Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. U hukumatga nafaqat muhojirlarning hisobini yuritish, balki mamlakat bo‘ylab ko‘chib yurishini nazorat qilish imkonini ham beradi.

Platforma davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilinadi va muhojirlarga mobil ilova shaklida taqdim etiladi. Ular shaxsiy kabinet orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Servisdan Rossiya hududida ham, tashqarisida ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

Platforma doirasida xorij fuqarolarining umumiy ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Idoralar esa xorijliklarga elektron xizmatlarni ko‘rsatish maqsadida axborot almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Muhojirlarni monitoring qilish tizimi ularning Rossiyaga kirish va chiqish sanasi, joyi haqidagi ma’lumotga asoslanadi.

Softline kompaniyasining milliy loyihalar bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Andrey Sholoxov so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotlarni elektron ko‘rinishda to‘plash dunyo amaliyotida bor narsa. Ammo muhojirlarning mamlakat hududi bo‘ylab harakati haqidagi ma’lumotlar xalqaro aktlar nuqtai nazaridan noqonuniy hisoblanadi. Shu tufayli, mutaxassis muhojirlarga gosuslugi.ru sayti va «Mnogofunksionalniy sentr» (MFS) xizmatlarini qisman ochishni taklif qilmoqda.

Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, har yili mamlakatga 16,5 – 17 mln muhojir keladi va platforma 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatini amalga oshirish uchun yaratilmoqda.

Mehnat resurslarini hisobga olish va yagona mehnat bozorini shakllantirish masalasi – Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yo‘nalishlaridan biridir. Ammo uni yaratish muhojirlarni ro‘yxatga olishning shaffof tizimisiz mumkin emas, deb ta’kidladi «Sifrovie protsessi» kompaniyasi rahbari Viktor Smirnov.

Platformaning ishga tushirilishi natijasida davlat xizmatlari portaliga o‘xshash servis paydo bo‘ladi. U muhojirlarga turli holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligini eslatadi, masalan, rus tili kurslarini qayerda o‘tish mumkinligini, deb qo‘shimcha qildi Smirnov.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, platformani ishlab chiqish va ishga tushirish uchun kamida 1 yil muddat va 200-500 mln rubl talab qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Rossiyada muhojirlarni nazorat qiluvchi mobil ilova yaratiladi