20:15 / 13.04.2021
1 879

UZCARD va HUMO kartalari uchun terminallar yagona tizimga o‘tadi

UZCARD va HUMO kartalari uchun terminallar yagona tizimga o‘tadi
Foto: «Uzcard.uz»
UZCARD va HUMO o‘zlarining infratuzilmalarini integratsiyalash haqidagi memorandumni imzoladilar. Shu munosabat bilan to‘lov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlaydi.

UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari hamkorlik to‘g‘risida Memorandumga imzo chekdilar. Hujjat O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni takomillashtirishga hissa qo‘shadigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Imzolangan memorandum doirasidagi ilk loyihaga ko‘ra, kompaniyalar infratuzilmalarining bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi bo‘ladi.

«Infratuzilmalarning integratsiyasi karta egalari, banklar va biznes egalariga sezilarli foyda keltiradi. Xaridorlarning savdo nuqtalariga kelgach qaysi terminallardan foydalanish mumkinligi haqidagi o‘ylari yo‘qoladi, tadbirkorlar esa ikkala kartadan to‘lovlarni bitta terminal orqali qabul qilishlari mumkin bo‘ladi. Shuni ta’kidlashni istardimki, UZCARD va HUMO O‘zbekistonning to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini yaratishda davom etadi», — dedi MBPM direktori Shuhratbek Qurbonov.

To‘lov tizimlarining yaqin hamkorligi bozor talablariga tezroq javob berishga va innovatsion yechimlarni yanada samarali amalga oshirishga imkon beradi. 2021 yil oxiriga qadar terminallar ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi kutilmoqda.

«UZCARD va HUMO o‘rtasidagi hamkorlik moliyaviy xizmatlarni fuqarolar uchun qulayroq va arzonroq qilish, shuningdek, mamlakatning chekka hududlarida ham aholining moliyaviy savodxonligini rivojlantirish va yaxshilashga yordam beradi.

Bu, o‘z navbatida, kompaniyalarni yangi texnologiyalarni ishlab chiqishga, to‘lov biznesini rivojlantirishga va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga undaydi. Bundan tashqari, bu halol raqobatni rivojlantirishga va moliyaviy texnologiyalar bozorida yangi ishtirokchilarning paydo bo‘lishiga yordam beradi
», — deya izoh berdi UZCARD bosh direktori Farrux Ziyayev.

Shuningdek, memorandum doirasida kompaniyalar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar:
— karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo nuqtalarining manfaatlarini himoya qilish;
— naqdsiz to‘lovlarni rag‘batlantirish uchun texnologiyalarni takomillashtirish va infratuzilmani kengaytirish;
— to‘lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Texnologiya » UZCARD va HUMO kartalari uchun terminallar yagona tizimga o‘tadi