20:52 / 05.08.2021
5 018

Kovidni «o‘ldiradigan» texnologiyamiz haqida nega jar solmadik?

Kovidni «o‘ldiradigan» texnologiyamiz haqida nega jar solmadik?

Foto: «Xabar.uz»
Bundan bir yilcha avval O‘zbekistonda koronavirusni yo‘qotishga qodir texnologiya yaratilgani haqida maqola e’lon qilgandik. Aslida bu olamshumul voqea edi, nazarimizda. O‘ylagandikki, ayni vaqtida maydonga olib chiqilgan bu texnologiya hammaning diqqat-e’tiboriga tushib, rahbarlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va juda tez ommalashadi deb...

Bir yilga kechikkan taqdimot
Biroq oradan 11 oy o‘tib, kichik bir xonada, o‘z ixtirosining qanchalik ahamiyatli ekanini tushuntirish uchun eshikma-eshik sarson bo‘lgan ilmiy xodim va uni qo‘llab-quvvatlashga bel bog‘lagan fan nomzodining taqdimot o‘tkazishidan hammasini tushungandek bo‘ldik... 

Agar ushbu ixtiro vaqtida qo‘llab-quvvatlanganida, ehtimol, vaziyat boshqacharoq bo‘larmidi?! Shusiz ham bir yilga kechikkan taqdimot keng ommaga ko‘zga ko‘ringan mehmonxonalar yoki biznes markazlarning katta, keng va yorug‘ zallarida, tegishli mutasaddilar, rahbarlar, jurnalist va blogerlar qurshovida yetkazilarmidi?!

Lekin biznikilar borini ko‘rsatmay, yo‘g‘ini «ko‘tarib» chiqishga o‘rgangan (kimlardir majbur). Nima bo‘lganda ham, men yosh olimimizning ayni paytda global bo‘lgan ixtirosi taqdimotini yana bir bor hayajon va qiziqish bilan tingladim... 

Aslida qanday bo‘ldi?
Dunyo koronavirusga qarshi kurash olib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va OAVda har kuni koronavirusdan davo topayotgan insonlar statistikasi berilishi barobarida, ilmiy va tibbiy izlanishlar olib borayotgan kompaniyalar, muassasalar, doktorlar va olimlarning kattayu kichik ishlari yoritilib kelinyapti.

Kimdir koronavirusning necha darajada nobud bo‘lishini aniqlasa, yana bir jamoa vaksina ishlab chiqish bilan shug‘ullanyapti (xorijda har bir ilmiy ishning kichik natijasi ham OAVda yoritilib boradi).

Bu borada yurtimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Respublikamiz mutaxassislari tomonidan «COVID-19»ga qarshi samarali kurashish bo‘yicha yaratilgan zamonaviy «BioGenetic» texnologiyasi ustida olib borilgan barcha sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi (biz esa bir yil davomida uni deyarli unutdik).

Ma’lumki, pandemiya vaqtida tezkor choralar ko‘rildi. Bemorlar va gumondorlar uchun karantin hududlari barpo qilindi. Tibbiyot sohasiga katta miqdorda mablag‘lar ajratildi (hatto, bir martalik hech kim foydalanishni xohlamagan qo‘lqoplar, omborlarda to‘lib toshgan sifatsiz shpritslar va keraksiz dori-darmonlargacha). Tojdor virusga qarshi kurashish amaliyotiga ko‘plab olimlar jalb etilib, bor kuchi sarflandi (ajratilgan mablag‘ miqdori esa noma’lum).

Klinik sinovlar (nihoyat) nihoyasiga yetdimi?
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Toshkent shahar, Chilonzor tumani mas’ullari, Innovatsiya vazirligi hamda Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, virusologiya, bakteriologiya, ximiya, toksikologiya laboratoriyalari, Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus «Zangiota-1 va 2» shifoxonalari, Gematologiya va qon quyish markazi ekspertlari tomonidan Covid virusining barcha shtammlarini bir soniya ichida nobud qiluvchi qurilma yaratildi.

Mazkur qurilmaga «BioGenetic» nomi berilib, hozirgi kunda barcha laborator, klinik oldi hamda klinik sinovlari nihoyasiga yetkazildi (bu vaqtgacha hali umuman noma’lum bo‘lgan vaksinalar yaratilib, odamlar ommaviy emlanishni boshlashdi. Bizda esa 1 yil avval sinovdan o‘tib bo‘lgan texnologiya – yana uzoq va mashaqqatli bosqichlardan o‘tishda davom etdi).

Mutaxassislar nima deydi?
Bobur Qurbonov, Toshkent shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi rahbar o‘rinbosari, tibbiyot fanlar nomzodi:
– Natijalarga ko‘ra, qurilma tufayli Covid turkumiga kiruvchi barcha viruslar havoda, sirtda, hattoki, suyuqlikda ham nobud bo‘ldi. U inson organizmi, tanasi va nafas olish yo‘lariga tushgan virus, mikrob, bakteriyalarni ham yakson qildi.

Bir yarim yil mobaynidagi tahlil va sinovlar, inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmadi, aksincha, zararlangan fuqarolarda nafas olish yengillashdi, immunitet ko‘tarildi, allergiya va astma kabi xastaliklar ham bartaraf etildi. Zararlangan fuqarolarda Covid turkumiga xos virus 3 kun mobaynida yo‘q qilindi.   

«BioGenetic» uskunasini har tomonlama atroflicha tekshirish, tahlil qilish, barcha o‘tkazilgan sinovlarni chuqur o‘rganish, olingan natijalarni qayta tekshirish maqsadida, tuman, shahar va Respublika miqyosida bir nechta mustaqil ishchi guruhlar tashkil etilib, barcha o‘tkazilgan sinov va natijalarga yuqori baho berildi.

Virus va bakteriyalarning havo hamda havo zarralari orqali tarqalishining oldini olish maqsadida, yangi molekulyar struktura texnologiyasini ishlab chiqish ustidagi sinov ishlari kutilgan natijani berdi. Texnologiya imkoniyatlaridan foydalanilgan holda ilmiy-tadqiqot markazlari va yetuk laboratoriyalarda, havo tarkibidagi virus va bakteriyalarni molekulyar qobiq bilan qoplash hamda havoni mazkur zarralardan tozalash bo‘yicha keng manzilli sinovlar o‘tkazildi. Natijaga ko‘ra, yaratilgan molekula strukturasi nafaqat virusni qobiq bilan qoplab, tarqalishining oldini olishi, balki neytrallashtirishi va yo‘qotishi mumkinligiga ham guvoh bo‘ldik. Bunga Chilonzor SEO va JSXga qo‘yilgan bir nechta uskunalar tufayli xodimlar orasida infeksiya tarqalishi umuman kuzatilmagani misol bo‘la oladi.  

Olimjon Yusupov, Chilonzor tumani Sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi muhandisi  (texnologiya muallifi):
– Innovatsion texnologiyaning asosi — yangi yaratilgan molekulalar. U nafaqat belgilangan hududdagi havo, balki jismlarning ustki va ichki qismlarida mavjud virus va bakteriyalarni ham yaratilgan molekulalar bilan neytrallashtirish qobiliyatiga ega. Shuningdek, insonning nafas olish yo‘llaridagi viruslarni masofaviy neytrallab, havodagi virus va bakteriyalarni bartaraf etadi. Eng muhimi, ko‘p vaqt talab qilmaydi: 50 metr kvadrat maydondagi xonaning inaktivatsiyasi uchun bor-yo‘g‘i 15 daqiqa kifoya. Yangi yaratilgan texnologiya havo orqali infeksiya yuqishi xavfini butunlay yo‘qqa chiqaradi.

Biz mutaxassislar bilan birga ushbu texnologiyadan tibbiyot muassasalari va odam gavjum bo‘ladigan boshqa bino va inshootlarda foydalanishni tavsiya etyapmiz. Uning ishlash prinsipi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz.

Bobur Qurbonov, Toshkent shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi rahbar o‘rinbosari, tibbiyot fanlar nomzodi:
– Mazkur texnologiya «BioGenetic» ilmiy ishlab chiqarish tashkiloti tomonidan yaratilgan bo‘lib, xona havosi va sirtdagi quyidagi virus, bakteriya va mikroblarga qarshi turishga mo‘ljallangan:
  • Biologik va infeksion kelib chiqishga ega bo‘lgan patogen va xavfli viruslar: Covid-19, SARS, ORVI, mikroblar, enterobakteriyalar, stafilokokklar, tillarang tayoqchalar, zamburug‘lar, sil kasalligi qo‘zg‘atuvchilari, gepatit;
  • Kimyoviy birikmalar: ammiak, dori va zararsizlantiruvchi vositalar, fenol, formaldegid, atseton va uning birikmalari, NO azot oksidlari va organik moddalar;
  • Biologik va mexanik o‘zgarishlar natijasida ishchi hududda hosil bo‘ladigan turli xildagi noxush hidlar, mayda hajmli chang zarralari, aerozol, qurum, spora, mog‘or va zamburug‘ hidlari.
Shu bilan birga, uskuna ishlatilgan paytda xona, bino, tashkilotlarda niqob zaruriyati ham o‘rganib chiqildi, sinovlar o‘tkazildi – tahlillar ijobiy.

Texnologiyaning yuqori samaradorlik ko‘rsatkichini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tavsiyasiga asosan, shifoxona qabul bo‘limlari, kasalxonalar, dorixona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, o‘quv muassasalari va boshqa epidemik jihatdan xavfli bo‘lgan aholiga xizmat ko‘rsatish maskanlari, shuningdek, zararlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan ob’yektlar va xonadonlarda qo‘llash tavsiya etildi.

Kichik e’tiroz
Ha, aytgancha, kamtarona o‘tkaziladigan tadbirlarda ayrim telejurnalistlarning o‘zini tutishi ham o‘zgarib qolarkan. Jumladan, «Mahalla» telekanalidan kelgan jurnalist yana boradigan «joyi» borligini aytib, nimani yoritishga kelganidan xabari bormi-yo‘qmi, darrov «rasmiyatchilikka» o‘tdi.

«Ko‘zbo‘yamachilik» uchun o‘ntacha xodimni yig‘dirib keldi va hammani stol atrofiga joylashtirdi. Avval kursiga o‘tirib gap boshlagan mutaxassisning so‘zini bo‘lib, endi o‘rnidan turib ma’lumot berishini aytdi. Endi qiziqib tushuntirishga o‘tgan xodimni yana chalg‘itdi-da, «Bir xil kadr bo‘lib qolyapti, qurilmani ushlab gapiring», dedi. O‘sha jurnalistga ayni paytda aytilayotgan gaplarning birortasi qiziq emasdi. Bunga unga qarab berilib gapirayotgan mutaxassis so‘zini yana bir marta bo‘lganidan amin bo‘ldim.

Ayniqsa, «Bobur aka, bo‘ldi. Endi bu yoqqa o‘tib intervyu berasiz, orqadagilar fon bo‘lib turadi», degan gapidan keyin jim turolmadim. Qani boshqalarga, o‘z hamkasblariga bo‘lgan hurmat? Qani jurnalistikaga xos tinglash madaniyati? Qani xolislik?.. Bunday ko‘zbo‘yamachilik uchun tayyorlanadigan dasturlar bilan yana kimlarni aldashda davom etamiz?!   
Biz esa yangi qurilma borasidagi fikr-mulohazalarga, savol-javoblarga yana qaytamiz…

Shohida Isroilova


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Texnologiya » Kovidni «o‘ldiradigan» texnologiyamiz haqida nega jar solmadik?
[/banner_pushhouse