17:14 / 07.08.2021
2 937

Kattaligi plastik kartadek keladigan smartfon taqdim etildi


Foto: IXBT
Xitoyning Mony kompaniyasi Indiegoo maydonchasi orqali 4G aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan dunyodagi eng kichkina smartfonni taqdim etdi, deb xabar beradi IXBT. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ushbu smartfon barcha ishni qila oladi.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Mony Mint nomini olgan smartfon foydalanish noqulay bo‘lgan vaziyatlarda eng qimmat telefonlar o‘rnini bosish uchun mo‘ljallangan. Masalan, katta telefonni ko‘chadagi mashg‘ulotlar vaqtida ko‘tarib yurish ko‘plab noqulayliklarni yuzaga keltiradi.

Mony Mint smartfoni 3 dyuymli sensor displey bilan jihozlangan. Bu LTE’ni qo‘llab-quvvatlaydigan 3,3 dyuymli Palm Phone’dan kichikroq demak. O‘ziga xos dizaynga ega smartfonning o‘lchamlari plastik kartasichalik keladi. Telefonda USB-C portidan tashqari, o‘chirib-yoqish hamda ovozni boshqarish tugmalari mavjud.

Foto: IXBT
Mony Mint 3 gigabayt tezkor va 64 gigabayt ichki xotira bilan jihozlangan. Hatto SD-karta slotidan ham foydalanish mumkin. Ikkita SIM-kartaga ega smartfon ko‘plab mashhur mobil dasturlar o‘rnatilgan holda yetkazib beriladi. Qurilma Android 9 operatsion tizimi yordamida boshqariladi.

Smartfonning akkumulator sig‘imi 1250 mA/soatga teng bo‘lib, u qurilmaning bir marta quvvatlanish orqali uch kungacha ishlashini ta’minlaydi.

Mony Mint narxi 150 dollarni tashkil etadi va noyabrdan sotuvga chiqadi. Ammo hozircha u kollektiv moliyalashtirish bosqichida bo‘lib, narxi 100 dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyulida Kickstarter kraudfanding maydonchasida 3 dyuymli ekranga ega zamonaviy va qulay Jelly 2 smartfoni paydo bo‘lgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Kattaligi plastik kartadek keladigan smartfon taqdim etildi