15:17 / 22.10.2016
7 891

«So‘ngi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan» — Shavkat Mirziyoyev

«So‘ngi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan» — Shavkat Mirziyoyev

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash — amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligiga erishish, aholi turmush darajasini oshirish, mamlakatda tinchlik, totuvlik va barqaror vaziyatni ta’minlashning asosiy kafolatidir. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 19 oktyabrda bo‘lib o‘tgan VIII s’ezdidagi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tdi.

O‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘zlar ekan, amaldagi bosh vazir hamda Prezident v. b. quyidagi savol bilan murojaat qildi: «Odamlar bizdan nimani kutayapti? Eng avvalo, davlat idoralariga qilgan murojaatlari o‘z vaqtida, xolisona va qonuniy hal etilishini kutmoqda».

Joriy yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga 137 ming, Oliy sudga 67 ming, Adliya vazirligiga 52 mingdan ziyod kelib tushgan murojaatlarning salkam 30 foizi bevosita tergov-sud faoliyati va sud qarorlari ijrosi sohasidagi masalalar bilan bog‘liq. Mansabdor shaxslarning harakatsizligi oqibatida takroriy murojaatlar soni ortib bormoqda.

«Qani, aytingchi, bu ahvolda aholining umuman sud-huquq tizimiga ishonchi va uni mustahkamlash to‘g‘risida gapirish mumkinmi o‘zi?» — deya yana bir savolni o‘rtaga tashlab, unga quyidagicha javob berdi: «Birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbar va mas’ul xodimlarning og‘zaki va yozma murojaatlar bilan ishlashga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish kerak».

Shavkat Mirziyoyev birinchi Prezident Islom Karimovning: «Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi», degan so‘zlarini esga olib o‘tdi. «Ammo, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda yuz berayotgan ovoragarchilik joylarda fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda», — dedi u.

«Eng achinarlisi, keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan. Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta», — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Sud yoki oqlov, yoki qoralov hukmini chiqarishi kerak», — bayonot berdi Prezidentlikka nomzod.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarlikning oldini olish masalalarini samarali hal etish saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

«E’tibor bering, birgina joriy yilning 9 oyida 61 mingdan ortiq jinoyat va 2,5 milliondan ortiq huquqbuzarliklar qayd etilgan. Bu raqamlar jamiyat taqdiri uchun javobgarlikni his qilgan har bir insonni o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi, albatta. Chunki, ular kimgadir farzand, ota-ona yoki qarindosh, qolaversa, shu yurtning fuqarolaridir», — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Jinoyat uchun jazo muqarrar, albatta. Lekin, o‘zimizga bir savol beraylik — fuqarolarimiz jinoyat yo‘liga kirib qolmasligi uchun shaxsan har birimiz nima ish qilyapmiz?

Shu nuqtai nazardan, faoliyatimiz, birinchi navbatda, aybdor shaxsni javobgarlikka tortib, unga «sudlangan» degan tamg‘ani bosishga emas, aksincha, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasiga qaratilishi zarur", — ma’lum qildi O‘zLiDePdan nomzod.

«Afsuski, joylarda bu masalada mahalla raisi, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar o‘z mas’uliyatini mutlaqo his etmayapti, desak, to‘g‘ri bo‘ladi», — davom ettirdi u.

Shuning uchun jinoyatchilikning oldini olish va har qanday jinoyatga adolatli baho berishga qaratilgan ishlar keskin kuchaytiriladi. Har bir holat va vaziyat bo‘yicha hokim, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va prokurorning aholi vakillari oldida hisobot berishini ko‘zda tutadigan yangi tizim joriy etiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «So‘ngi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan» — Shavkat Mirziyoyev