00:07 / 17.12.2016
6 481

O‘zLiDePning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

O‘zLiDePning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

2016 yil 16 dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzuidagi ma’ruzasi hamda undan kelib chiquvchi vazifalarni har tomonlama muhokama qilishga qaratildi.

Mustaqillik yillarida Bosh qomusimiz mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asolangan iqtisodiyot barpo etishning mustahkam poydevoriga aylangani ta’kidlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimovning tashabbusi bilan Konstitusiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi. Bosh qomusimiz fuqarolarning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qildi, mamlakatda siyosiy partiyalarning erkin faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda ochiq va oshkora saylov tizimi tamoyillarini mustahkamlab qo‘ydi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan ma’ruzasini atroflicha muhokama qilish davomida majlis ishtirokchilari aholi, partiya elektorati bilan ishlash samaradorligini yanada yuksaltirish lozimligini qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, inson manfaatlarini ishonchli ta’minlash jarayonida faol ishtirok etish partiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmog‘i lozim. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan alohida ta’kidlangan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan haqiqat partiyaning bu boradagi sa’y-harakatlariga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilingan 2017 yilda aholi bilan muloqot qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish O‘zLiDePning muhim vazifalari sirasiga kiradi.

Ushbu vazifaning bajarilishi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lish imkonini beradi. Ayni paytda turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarining noqonuniy tekshiruvlariga chek qo‘yish, uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta’minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitusiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan kelib chiquvchi yana bir muhim vazifa davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan joy olgan, hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan, odamlar turmushi darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan maqsadli dasturlar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishdan iborat.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bugungi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta’sirini kuchaytirish, ularning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi rolini oshirish muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladilar. Shu munosabat bilan O‘zLiDeP deputatlik korpusi o‘z faoliyatida qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmlariga jiddiy e’tibor qaratishi qat’iy partiya nazorati ostiga olinishi qayd etildi. Bu fuqarolar, tadbirkorlar va chet el sarmoyadorlarining mamlakatimiz qonunchilik tizimiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu boradagi ishlarni tashkil etishda qonun loyihalarini puxta va ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soladigan darajada ishlab chiqish, idoraviy hujjatlarni keskin qisqartirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zLiDePdan vakillik organlariga saylangan deputatlar oldida turgan yana bir muhim vazifa – qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga o‘z vaqtida etkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir. Majlisda ta’kidanganidek, qonunlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha aniq ishlaydigan mexanizm yaratish jarayonida O‘zLiDePning munosib ishtirok etishi davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ushbu vazifaning nechog‘li samarali bajarilayotganini ko‘rsatuvchi mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zLiDePning ustuvor vazifalari muhokama qilindi