11:40 / 22.09.2016
6 048

Rossiya MV: Suriyada gumanitar karvonga hujumda AQSh boshchiligidagi koalisiya droni bo‘lgan

Rossiya MV: Suriyada gumanitar karvonga hujumda AQSh boshchiligidagi koalisiya droni bo‘lgan

Suriyada BMT gumanitar karvoniga hujum qilingan hududda karvon alanga ichida qolgan vaqtda AQSh boshchiligidagi koalisiya droni bo‘lgan, deb aytdi Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov.

Konashenkov AQShning Halabdagi gumanitar karvonga hujum qilinishida Rossiyani ayblashi hamda u erda Su-24 samolyotlarining bo‘lganini aytishi Rossiyani 19 sentyabrdagi fojianing nozik tomonlarini oshkor qilishga majbur qilishini aytdi.

"Gapni shundan boshlamoqchimanki, Rossiya mudofaa vazirligi 19 sentyabrda gumanitar karvonga aviazarba berilgan kechki vaqtdagi havodagi vaziyatning ob’ektiv nazorati ma’lumotlariga ega. Rossiya samolyotlari Urum-al-Kubra aholi punkti hududida hech qanday zarbalarni rejalashtirmagan va uni amalga oshirmagan. Shuning uchun Rossiya samolyotlari bu hududda umuman bo‘lmagan", deb gapni boshladi Konashenkov matbuot-anjumanida.

"Bundan tashqari, 19 sentyabrda Rossiyaning "Hmaymim" bazasidagi aviaguruh qo‘mondonligining vakili bilan telefon suhbatida AQSh harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining polkovnik unvonidagi vakili bu haqda batafsil xabardor qilingan. Uning familiyasi AQShga yaxshi ma’lum. 19 sentyabrda kechki vaqtda gumanitar karvon bo‘lgan hududda Injirlik bazasidan havoga ko‘tarilgan hamda 3600 metr balandlikda 200 km/soat tezlik bilan harakatlanayotgan xalqaro koalisiya uchuvchisiz parvoz qurilmasi bo‘lgan", deb o‘z so‘zlarini davom ettirdi Rossiya vakili.

Uning aytishicha, "parvoz qurilmasi havodagi vaziyatni nazorat qilish tizimlari tomonidan "Predator" turidagi dron sifatida identifikasiya qilingan".

Konashenkovning ta’kidlashicha, dron karvon bo‘lgan Urum-al-Kubrada uning yonishidan bir necha daqiqa oldin paydo bo‘lib, bu hududni taxminan 30 daqiqadan keyin tark etgan.

"Ta’kidlab o‘tmoqchiman, koalisiyaning aviazarbasi oqibatida 200 dan ko‘proq odam halok bo‘lib, jarohatlangan 17 sentyabrdagi Daur-az-Zordagi fojiadagi kabi biz quruq xulosalar qilmaymiz. Savol shundaki, uchuvchisiz parvoz qurilmasi bu nuqtada kerakli vaqtda qanday maqsad bilan bo‘lgan va u erda qanday vazifalarni bajargan? Bu faqat uning egalariga ayon", deb ta’kidlab o‘tdi Konashenkov.

Konashenkovning aytishicha, bu turdagi dron nafaqat vaziyatni monitoring qilish, balki erdagi zarba beruvchi vositalarni nishonga to‘g‘rilashi hamda mustaqil ravishda erdagi ob’ektlarga aniq zarbalar berishga qodir.

Konashenkovning aytishicha, G‘arb "axborot shovqini" ortida Daur-az-Zordagi fojiani "yopdi-yopdi" qilishga urinmoqda hamda dunyo hamjamiyati e’tiborini "Jibhat an-Nusra" jangarilari tomonidan Halabga hujum qilinayotganidan chetga olib qochmoqchi.

20 sentyabrga o‘tar kechasi Suriya arab Qizil yarim oy jamiyati va BMT insonparvarlik tashkilotlarining qo‘shma gumanitar karvoni Halabdan shimolda joylashgan Urum al-Kubra hududida hujumga uchragan. Karvon 31 ta yuk mashinasidan iborat bo‘lgan va 78 ming kishiga yordam olib ketayotgan bo‘lgan. Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 18 ta yuk mashinasi yo‘q qilingan, kamida 20 kishi halok bo‘lgan.
AQShning fikricha, zarba Suriya hukumat qo‘shinlari yoki Rossiya harbiy-koinot kuchlari tomonidan berilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ayblovlarni "quruq gaplar" deb atagan. Rossiya mudofaa vazirligi o‘z navbatida Rossiya va Suriya aviasiyasi zarba bermaganini ma’lum qilgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya MV: Suriyada gumanitar karvonga hujumda AQSh boshchiligidagi koalisiya droni bo‘lgan