13:59 / 16.12.2016
7 369

Qozog‘iston mustaqilligining 25 yilligini nishonlamoqda

Qozog‘iston mustaqilligining 25 yilligini nishonlamoqda

Qozog‘iston 16 dekabrda mamlakatdagi yagona milliy bayram – Mustaqillik kunini nishonlaydi. Joriy yilda ushbu bayram ayniqsa tantanavor bo‘ladi, chunki mustaqil Qozog‘iston 25 yilligini nishonlamoqda.

Shu munosabat bilan 16 va 17 dekabrlar bayram kunlari qilib belgilangan, biroq 17 dekabr shanbaga to‘g‘ri kelgani sababli, shu kundagi dam olish kuni 19 dekabrga ko‘chiriladi. Shu tariqa, qozog‘istonliklar ketma-ket 4 kun: 16-19 dekabrda dam oladilar.

Aynan 25 yil avval shu kuni, 1991 yil 16 dekabrda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev "Qozog‘iston Respublikasi davlat mustaqilligi to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan. Nursulton Nazarboyev o‘sha yili 1 dekabrda o‘tkazilgan umumxalq saylovlarida prezident etib saylangan va 10 dekabrda mamlakatga Qozog‘iston Respublikasi nomi berilishi haqidagi qonunni imzolagandi.

Nazarboyev bayram arafasida o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishdagi nutqida mamlakatning asosiy yutuqlaridan biri sifatida Qozog‘istonning mustaqil davlat sifatida shakllanishini, "chunki avval bunday davlat dunyo xaritasida" bo‘lmaganini aytib o‘tdi. Nazarboyev mamlakat 17 yil davomida iqtisodiyotning uzluksiz o‘sishini ta’minlab, "Qozog‘iston iqtisodiy mo‘’jizasini" namoyish qilganini ta’kidlab o‘tdi.

"Mustaqil Qozog‘iston – muvaffaqiyatli, farovon davlat va bizni butun dunyoda bilishadi, 1991 yilda esa bizning oldimizda davlat, yagona xalq bo‘lishi kerakmi, degan mushkul vaziyat, ikkilanish bor edi", deb aytdi Nazarboyev.

Bayram arafasida mamlakatning barcha davlat tashkilotlarida tantanali yig‘ilishlar o‘tkazildi, ko‘plab davlat xizmatchilariga mukofotlar topshirildi. Ostonada esa ichki ishlar organlari xodimlarining jasurliklari haqidagi spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi va qizig‘i, undagi barcha rollarni Ostona polisiyasi xodimlari ijro etishdi.

Bayram tadbirlari Qozog‘iston sarhadlaridan tashqarida ham bo‘lib o‘tdi. Qozog‘istonning Rossiya va Vengriyadagi elchixonalarida Qozog‘iston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan tantanali qabullar o‘tkazildi, unda mehmonlar qozoq xalqi madaniyati va oshxonasi bilan tanishdilar.

16 dekabrda Ostonada EKSPO-2017 ko‘rgazmasi o‘tkaziladigan hududda mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlangan yodgorlik toshi ochiladi. Bu tadbirda Nursulton Nazarboyev ishtirok etishi kutilmoqda.

Ko‘plab xorijiy davlatlar rahbarlari Nazarboyevga bayram munosabati bilan tabriklarini jo‘natmoqda.

Shuningdek, Ostonada Qozog‘iston estradasi yulduzlari ishtirokida bayram konserti, dronlarda poyga bo‘yicha birinchi Qozog‘iston chempionati Drone Racing Kazakhstan bo‘lib o‘tadi va katta ko‘lamli mushakbozlik uyushtiriladi.

Shu kuni Ostona aholisi va mehmonlar shahar transportidan bepul foydalana olishadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston mustaqilligining 25 yilligini nishonlamoqda