3-noyabrdan Chevrolet Cobalt uchun onlayn shartnoma tuzish boshlanadi

3-noyabrdan Chevrolet Cobalt uchun onlayn shartnoma tuzish boshlanadi

2025-yil 3-noyabrdan boshlab Chevrolet Cobalt avtomobillarining yangilangan versiyalari rasman sotuvga chiqariladi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi modellar allaqachon barcha rasmiy dilerlik markazlariga yetkazib berilgan va xaridorlar ularni jonli ko‘rib, tanishish imkoniga ega bo‘lishmoqda.

Mazkur modelning ommaligi va bozordagi yuqori talabni hisobga olgan holda, shuningdek, ortiqcha navbat va ajiotaj holatlarini oldini olish maqsadida “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati Cobalt avtomobillariga kontraktatsiya jarayonini faqat onlayn formatda tashkil etishini ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lumotida qayd etilishicha, onlayn kontraktatsiya jarayonida Chevrolet Cobalt’ning barcha mavjud komplektatsiyalari, shu jumladan ikkita yangi to‘plam varianti ham xaridorlar ixtiyoriga taqdim etiladi. Bu xaridorlarga turli byudjet va afzalliklarga mos ravishda tanlov qilish imkonini yaratadi.

3 noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab mijozlar Cobalt uchun shartnoma tuzish jarayonini “uz.avtosavdo.uz” sayti orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar, narxlar va komplektatsiya variantlari shu platformada joylashtiriladi.

Shu bilan birga, aynan shu kuni — 3-noyabrda — barcha Chevrolet dilerlik markazlari vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi va “UzAuto Motors” savdo tizimidan ajratiladi. Bu chora onlayn kontraktatsiya jarayonini markazlashtirish va shunday qilib xaridorlar uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida amalga oshirilayotgani ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Cobalt O‘zbekistondagi eng ko‘p sotiladigan modellardan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda ham ishonchliligi, tejamkorligi va narx-sifat mutanosibligi bilan keng omma e’tiborini qozongan. Yangilangan versiyada ham yurish qulayligi, xavfsizlik tizimlari va ichki interer sifati yanada yaxshilangani ma’lum qilinmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.