Prigojin va adashlari. «Vagner» asoschisi o‘ziga «qiyofadoshlar» tayyorlagan bo‘lishi mumkin

Bu katta ehtimol bilan Prigojin. Foto: LEV BORODIN/TASS
Kassatsiya sudida esa kriptovalyuta moddiy boylik deb topilib, aybdorlardan 60 million rubl undirildi, lekin jazo muddati uzaytirilmadi. Hukmga ko‘ra, Pironga jazo muddatini kamaytirishda notijoriy tashkilot bo‘lmish «Vatan jangchilari» xayriya fondi tomonidan berilgan ijobiy xarakteristika yordam bergan. Adliya vazirligida bu nom bilan ro‘yxatdan o‘tgan yagona tashkilotni Rossiya Qahramoni sobiq maxsus xizmati xodimi Sergey Yushkov boshqaradi.
Prigojinning jazosini qisqartirish uchun esa yanada ko‘proq sabablar topiladi. Masalan, ichki ishlar vazirligi nafaqaxo‘ri ekani, harbiy harakatlarda qatnashgani (aynan qayerdaligi aytilmagan), mukofotlari, qo‘riqchilik bo‘yicha 6-razryadga egaligi, tergov izolatori rahbariyatidan olingan ijobiy xulosa, «Do‘stlar uchun» veteranlar birlashmasi va «Xalq SOBRi» jamoat tashkiloti a’zosi bo‘lgani.
Sud hukmi 2022 yil may oyida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan uch oy o‘tib e’lon qilinadi. Prigojin urush jazoni yengillashtiradigan vaqt ekanini payqab tezda «Rossiya maxsus harbiy amaliyot o‘tkazayotgani munosabati bilan» jazosini yengillashtirishlarini so‘raydi. Sud uning bu so‘rovni rad etadi. U vaqtda mahbuslarni urushga yollash boshlanmagandi. Ko‘p o‘tmay esa Prigojinning adashi bo‘lmish «Vagner» asoschisi qamoqxonalardan mahbuslarni urushga jalb qila boshlaydi.
Qamoqdagi Prigojin esa urushga borishdan ko‘ra FHDYO bilan mojaroni hal qilib, notanishroq eski ism-familiyasini qaytarishga urinadi. Ammo qamoqxonadan turib buning imkoni yo‘qligi borasida javob oladi.
Prigojin va «qiyofadoshlari»
2018 yil «Vagner» asoschisining to‘liq adashiga aylangan faqat qo‘riqchi Yunusov emasdi. Peterburgdagi «Injiniring.ru» kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Alekseyevich Alekseyev ham o‘z ismi-familiyasini Yevgeniy Viktorovich Prigojin deb o‘zgartiradi. Bunday o‘zgarish haqida Rossiya yuridik shaxslar yagona reyestrida ham o‘qish mumkin.
2020 yil «Elektrotexsnab» kompaniyasi bosh direktori Leonid Nikolayevich Krasavin ham o‘z ismini Yevgeniy Viktorovich Prigojin deb o‘zgartiradi. Rossiyalik jurnalistlar aniqlashicha, Krasavin o‘z vaqtida hujjatlarni soxtalashtirish uchun sudlangan va uning tug‘ilgan sanasi haqiqiy Prigojinniki bilan mos keladi.
Prigojin atrofidagi odamlarning ham adashlari yo‘q emas. Masalan, «Vagner» XHKga tegishli «Konkord Menejment va Konsalting» kompaniyasini 2017 yilda Dmitriy Valerevich Utkin boshqaradi. Ammo bu «Vagner» komandiri bo‘lmish Dmitriy Utkin emas, ularning boshqa-boshqa odam ekanini STIR raqamlaridan farqlash mumkin.
Utkin «Konkord»ni uch oy boshqaradi va uning o‘rnini Prigojinning o‘zi egallaydi. Keyin Utkin ismini Aleksey Anatoliyevich Karnauxov deb o‘zgartiradi. Ko‘p o‘tmay qo‘riqchi Yunusov ham ishlagan Vsevolojskda «Petropol-Soyuz» firmasini ochadi. Bu shirkat ko‘p tarmoqli bo‘lib farmatsevtika mahsulotlari, suyultirilgan gaz, oltin savdosi, shuningdek, konsultatsiya va axborot xizmatlarini ko‘rsatish bilan ham shug‘ullangan.
2021 yil Prigojin allaqachon G‘arb sanksiyalariga tushib ulgurgan bir vaqtda OAV uning «qiyofadoshlari» Yevropaga borib yurgani haqida xabarlar tarqatdi. Litva Davlat xavfsizligi departamenti rahbari Daryus Yaunishkisning «Ozodlik» radiosi bilan suhbatda aytilishicha, bu tashriflar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan go‘yoki Yevropa ittifoqi va yevropalik chegarachilarning kuchsizligini isbotlash uchun tashkillashtirilgan.
2023 yil 24 iyun, Prigojin isyoni kuni uning uyida o‘tkazilgan tintuvda «Vagner» asoschisining boshqa ismdagi pasportlari ham topilgan. Masalan, Dmitriy Geyler nomiga olingan pasport bilan Prigojin SOGAZ tibbiy markazida VIP-mijoz sifatida davolangan. «Ozodlik»ning aniqlashicha, Dmitriy Geyler nomidagi odam aslida oddiy haydovchi bo‘lgan.
«Proyekt. Media» nashrining yozishicha, Prigojin Oleg Semyonov va Vladimir Bobrov nomidagi pasportlardan ham foydalangan. Nashr xuddi hujjatdagi parametrlarga mos keladigan Bobrov aslida hayotda mavjud odam ekanini aniqlagan.

Isyondan keyin Belarusga ketgani aytilgan Yevgeniy Prigojin Peterburg va Moskvada ham ko‘rinish berdi. U hatto o‘z armiyasi vakillari ishtirokida Putin bilan uchrashuv ham o‘tkazgan. Iyul oyida AQSHning New York Times nashri Pentagondagi manbalariga tayanib Prigojin o‘z harakatlanish yo‘nalishlarini maxfiy saqlash maqsadida «qiyofadoshlar»dan foydalanishi haqida yozgandi.













