Erdo‘g‘an Germaniyaga bordi, biroq nemis rasmiylari bundan xursand emas

Barcha murakkabliklarga qaramay, Germaniya va Turkiya bir-biriga kerak. Bu fotoda — Shols va Erdo‘g‘an Anqarada 2022 yil martida o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida. Foto: REUTERS
Erdo‘g‘an Hamas harakatining 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan hujumini qoralashni istamadi va hamaschilarni «xaloskorlar» deb atadi.
Hamas g‘arbning bir qancha davlatlarida, jumladan Germaniyada ham terrorchi tashkilot deb tan olingan.
Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda Isroilga qarshi bayonotlari oqimida Erdo‘g‘an Isroil davlati mavjudligi qonuniyligini shubha ostiga oldi va uni fashistik deb atadi.
Germaniyalik yahudiy siyosatchilar Erdo‘g‘anni antisemitizmni qo‘zg‘atishda ayblab, uning tashrifini bekor qilishga chaqirishdi.
Natsistlarning holokosti uchun tarixiy aybdorligini his qiladigan Germaniyada Isroilni qo‘llab-quvvatlash shubha ostiga olinmaydi va Berlin xalqaro siyosatining negizi hisoblanadi.
Shu hafta boshida Shols Turkiya rahbarining bayonotlarini bema’nilik degan edi.
Biroq, Isroilning G‘azodagi bombardimonlari ko‘lami va qurbonlar sonining ortib borayotgani Germaniyaning bu davlatni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga biroz putur yetkazdi.
Hamas hujumi oqibatidagi dastlabki karaxtlikdan so‘ng, nemis markaziy matbuoti G‘azodagi holatni gumanitar falokat sifatida tobora ko‘proq tasvirlamoqda, bu esa Isroilning xatti-harakatlaridan jamoatchilikning bezovtalanishini kuchaytirmoqda.
Germaniya ko‘chalarida norozilik kuchaymoqda, 7 oktyabrdan beri deyarli har dam olish kunlari Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar o‘tkazilmoqda. Germaniyada g‘azoliklarni qo‘llab-quvvatlovchi arablarning katta diasporasi yashaydi.
Falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash an’anaviy ravishda nemis siyosatchilarining so‘l qanoti uchun ham juda muhimdir.
Ko‘pchilik prezident Erdo‘g‘anning tashrif chog‘ida mojaroga oid bergan har qanday izohlari ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirishidan xavotirda.
Ammo, o‘zaro munosabatlar murakkab bo‘lishiga qaramay, Germaniya va Turkiya bir-biriga kerak. Turkiya uchun Germaniya muhim savdo hamkoridir. Qolaversa, Germaniyada Turkiyadan tashqaridagi eng yirik turk jamoati – 3 millionga yaqin aholi yashaydi. Ularning yarmidan ko‘pi Turkiyadagi saylovda ovoz bera oladi va ularning hamdardligi Erdo‘g‘an uchun juda muhim.
Berlin esa Yaqin Sharqdan Yevropaga borayotgan muhojirlar oqimini jilovlay oladigan davlat sifatida Turkiyaga muhtoj.
Kansler Olaf Shols Germaniya hukumatiga qochqinlarni qaytarib yuborish imkonini beruvchi Turkiya bilan kelishuvning tiklanishiga umid qilmoqda. Bundan tashqari, Germaniya yetakchisi Erdo‘g‘andan Ukrainadagi urush masalasida G‘arbga ko‘proq yordam berishini kutmoqda. Ushbu mavzular 17 noyabr kuni yopiq eshiklar ortida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eng muhimi, nemis rasmiylari Turkiya prezidentining ommaviy bayonotlaridan qo‘rqishadi va ularning oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishadi.













