Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yana yopirilma zarbalar yo‘lladi

TASS axborot agentligi Rossiya qo‘shini 23 yanvarga o‘tar kechasi «Xarkivdagi yollanma jangchilar manzili bo‘ylab aniq zarbalar bergani» haqida yozdi. «Bu shaxslar qaysi mamlakatlar fuqarolari ekani to‘g‘risida hozircha ishonchli ma’lumot yo‘q, ammo bu ma’lumotga oydinlik kiritilmoqda», — degan agentlik manbasi. Favqulodda xizmatlardagi bu manba Xarkivdagi turar joyga go‘yoki Ukraina qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi urilganini qo‘shimcha qilgan.
Dnipropetrovsk oblastining Pavlograd shahri o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohatlangan, deb xabar bergan region harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ukrain shaharlari yoppasiga o‘qqa tutilishini «rossiyaliklar terrori» deb atadi. «Bu terrorni faqat kuch bilan to‘xtatish mumkinligini dunyo tushunishi kerak. Dunyo yana shuni tushunishi kerakki, rossiyaliklarning raketalari hozir Ukraina bo‘ylab uchmoqda, ammo, agar bugun zaiflik namoyish etilsa, ertaga ular g‘arbdagi shaharlar ustidan uchadi», — degan u.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya qo‘shini tinch aholiga zarba bermasligini ta’kidladi. U ertalab Ukrainadagi obyektlar bo‘ylab yo‘llangan zarbalarni Donetsk bo‘ylab hujumga javob deb hisoblash mumkinmi, deya berilgan savolga shunday javob qaytargan.
«Biz maxsus harbiy amaliyotimizni davom ettirmoqdamiz va harbiylarimiz ijtimoiy obyektlar va aholi kvartallari bo‘ylab zarba bermayapti. Va Kiyev rejimidan farqli o‘laroq tinch aholiga zarba bermaydi. Bu bizning harbiylarimizni Kiyev rejimi harbiylaridan tubdan farqlab turadigan jihat», — degan Kreml rasmiysi.













