BMT hisoboti: “Al-Qoida” Afg‘onistonda “Tolibon” bilan aloqalarni davom ettirmoqda

BMT hisoboti: “Al-Qoida” Afg‘onistonda “Tolibon” bilan aloqalarni davom ettirmoqda
Foto: Aamaj news
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi so‘nggi hisobotida “Tolibon” “Al-Qoida” bilan aloqalarini saqlab qolgani va “Al-Qoida” Afg‘onistonda sakkizta yangi o‘quv markazi tashkil etgani haqida ma’lum qildi.

Xavfsizlik kengashi hisobotida Afg‘onistonning G‘azni, Lag‘mon, Parvon va Uruzgon viloyatlarida “Al-Qoida”ning to‘rtta lageri tashkil etilgani, terrorchi tashkilot Panjshirda ham qurol-yarog‘ omborini ochgani aytiladi.

Ushbu hisobotga ko‘ra, “Al-Qoida” a’zosi Hakim al-Masri Afg‘onistonning Kunar viloyatida “Pokiston Toliboni” a’zolari uchun boshpana tayyorlash va xudkushlik hujumlarini o‘rgatish bilan shug‘ullanadi. Hisobot davomida, shuningdek, “Tolibon” va “Al-Qoida” o‘rtasidagi aloqalar haligacha yaqin ekani, bu guruh Afg‘onistonda “Tolibon” nazorati ostida “barqaror” rejimda o‘zini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgani aytildi.

BMT Xavfsizlik kengashining ta’kidlashicha, “Tolibon”ning “Al-Qoida” faoliyatini cheklashga urinishlari “Tolibon” va bu guruh o‘rtasida kelishmovchiliklarga olib kelgan.

Biroq hisobotda aytilishicha, “Al-Qoida”ning Afg‘onistonda qolgan a’zolari keng ko‘lamli hujumlarni rejalashtirish va uyushtirishga qodir emas. “Al-Qoida”ning Afg‘onistonda “Tolibon” bilan tarixan yaqin bo‘lgan yuqori martabali rahbarlari soni o‘ndan kam. Hisobotda 6 nafar “Al-Qoida” a’zosi qolganlarga qo‘shilish uchun Sharqiy Afg‘onistonga ko‘chirilgani ham bildirildi.

Xavfsizlik kengashi, shuningdek, Afg‘onistonning Lag‘mon, Kunar, Nangarhor, Nuriston va Parvon viloyatlarida “Al-Qoida”ning beshta madrasasi faoliyat yuritayotganini yozgan.

Boshqa tomondan, hisobotda “Pokiston Toliboni”ning bir qancha hujumlari Afg‘oniston ichidan qo‘llab-quvvatlangani, ularning ayrim qo‘mondonlari “Tolibon”dan yordam olayotgani aytiladi.

Xavfsizlik kengashining qo‘shimcha qilishicha, “Al-Qoida” “Pokiston Toliboni”ni jihoz va qurol-yarog‘ bilan ta’minlashdan tashqari, guruh kuchlarini xorijda amaliyotlar o‘tkazishga o‘rgatishda ham yordam bergan.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.