Mourino Reshfordni "Real"ga olib kelishi mumkinmi?

Mourino Reshfordni "Real"ga olib kelishi mumkinmi?

Madridning “Real” klubida yangi davr boshlanishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Joze Mourinoning transfer rejalari ham muhokama markaziga chiqmoqda. ES Sport nashri ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis “qirollik klubi”ga angliyalik vinger Markus Reshfordni olib kelishi mumkin.

Ayni paytda 28 yoshli futbolchi “Barselona” safida ijara asosida harakat qilmoqda. Biroq uning kelajagi hali to‘liq aniq emas. “Manchester Yunayted” Reshfordni yana ijaraga berishni istamayotgani va “Barselona”dan futbolchini to‘liq sotib olishni talab qilayotgani aytilmoqda.

Shu vaziyatdan “Real” foydalanishi mumkin. Mourino Markusning o‘yin uslubini yaxshi biladi. Ular 2016-2018 yillarda “Manchester Yunayted”da birga ishlagan. O‘sha davrda Reshford portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida muhim tajriba to‘plagandi.

Manbaga ko‘ra, Mourinoga Reshfordning tezligi, qanotdagi faolligi va hujumda bir necha pozitsiyada o‘ynay olishi ma’qul keladi. Shu bois agar Joze “Real” bosh murabbiyiga aylansa, Markus uning birinchi jiddiy transfer variantlaridan biriga aylanishi mumkin.

Joriy mavsumda Reshford “Barselona” safida 48 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol va 14 ta golli uzatma qayd etdi. Bu ko‘rsatkich uning hujumda hali ham samarali futbolchi ekanini ko‘rsatadi.

Qisqasi, Mourino “Real”ga qaytsa, Madridda yana qiziq transferlar boshlanishi mumkin. Reshford varianti esa shunchaki mish-mish emas, eski aloqalar va murabbiy ishonchiga tayanadigan real ssenariyga o‘xshamoqda. Joze qaytsa, bozor ham uyg‘onadi — klassika.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.