Kongoda Ebola bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashdi

Kongoda Ebola virusi bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda. Bloomberg xabariga ko‘ra, mamlakatda kasallik tarqalishi ortidan ayrim aviareyslar bekor qilingan.
Mahalliy rasmiylar va Afrika sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga ko‘ra, juma kungi holat bo‘yicha virus yuqtirganlar soni 867 kishiga yetgan. 204 kishi esa kasallik oqibatida vafot etgan.
Epidemiya markazi Uganda bilan chegaradosh Ituri provinsiyasi ekani aytilmoqda. Virus yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lgan 1745 kishidan faqat kichik qismi kuzatuvga olingani vaziyatni yanada xavotirli qilmoqda.
Mutaxassislar virusning ushbu kamyob turiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli yo‘qligini ta’kidlamoqda. Shifokorlar esa hatto shaxsiy himoya vositalari yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda.
Chegaralar yetarlicha nazorat qilinmagani sabab Ebola Uganda va Janubiy Sudan kabi qo‘shni davlatlarga ham tarqalishi mumkinligi aytilmoqda.













