Baqlajon — sog‘liq uchun tabiiy darmon manbai

O‘zbek oshxonasida muhim o‘rin egallaydigan baqlajon nafaqat mazali taomlarning asosiy mahsuloti, balki sog‘liq uchun ham foydali sabzavot hisoblanadi.
Baqlajon tarkibida S vitamini, magniy, kaliy va antioksidantlar ko‘p. Ular qon bosimini barqarorlashtirishga, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, antioksidantlar organizmni zararli moddalardan himoya qiladi.
Parhezshunoslar ta’kidlashicha, baqlajon kam kaloriyali bo‘lgani uchun ortiqcha vazndan xalos bo‘lishda juda qo‘l keladi. U ichak faoliyatini yaxshilab, hazm tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qizig‘i shundaki, xalq tabobatida ham baqlajon xolesterinni pasaytirish va jigar salomatligini saqlash uchun tavsiya etilgan.
Shunday ekan, dasturxonga baqlajondan tayyorlangan salat yoki taom qo‘shish nafaqat mazali, balki sog‘lom tanlov hamdir.













