Prezident yangi farmonga imzo chekdi

Prezident yangi farmonga imzo chekdi
Prezidentning «Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:
  • bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi;
  • eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi;
  • qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi.

Shuningdek, eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi amalga oshiriladi.

Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalar:
  • eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali QQS stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida to‘liq qaytarib berilishi;
  • aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov ta’minoti sifatida qabul qilish tavsiya etilishi;
  • Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda $1 milliondan $5 milliongacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratilishi;
  • bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga $30 mingdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi; biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinishi belgilab qo‘yildi.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.