Mike Novogratz BitGo bilan muvaffaqiyatsiz 1,2 mlrd dollarlik kelishuv boʻyicha sudda koʻrsatma berdi

Galaxy Digital asoschisi Mike Novogratz seshanba kuni sudda ishtirok etib, BitGo bosh direktori Mike Belshe bilan 2021-yilda amalga oshmagan 1,2 milliard dollarlik qoʻshilish bitimi yuzasidan davom etayotgan huquqiy kurashda koʻrsatma berdi. Ushbu rejalashtirilgan kelishuv oʻsha paytdagi kripto sanoatidagi eng yirik birlashish boʻlishi kutilgan edi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Galaxy 2022-yil avgust oyida, Terra ekotizimining qulashi ortidan kripto bozori inqirozga yuz tutgan bir paytda, kelishuvni bekor qilgan edi. BitGo kompaniyasi Galaxyʻdan shartnomani toʻxtatgani uchun 100 million dollar miqdorida jarima talab qilmoqda. Shuningdek, BitGo tomoni Galaxy AQSH rasmiylari tomonidan tekshirilayotganini yashirganini daʼvo qilmoqda, Galaxy esa BitGo moliyaviy maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etmaganini taʼkidlamoqda.
Bloomberg xabariga koʻra, Novogratz Delaver shtati sudida ushbu bitimni amalga oshirishga harakat qilganini, biroq Gary Gensler boshchiligidagi SEC (Qimmatli qogʻozlar va birja komissiyasi) tomonidan qoʻyilgan qatʼiy talablar tufayli tartibga soluvchi organlarning ruxsatini olish imkonsiz boʻlib qolganini aytgan.
Mike Novogratzning soʻzlariga koʻra, Galaxy hech qanday tekshiruv obyekti boʻlmagan va bu jarayon birlashishga taʼsir qilmas edi. Uning taʼkidlashicha, BitGo kerakli moliyaviy hisobotlarni oʻz vaqtida topshirmagan, shu sababli 100 million dollarlik tovon pulini olish huquqidan mahrum boʻlgan.
BitGo rahbari Mike Belshe esa dushanba kungi koʻrsatmasida barcha kerakli maʼlumotlar taqdim etilganini va Galaxyʻning harakatlari kompaniya obroʻsiga putur yetkazganini aytdi. Sud jarayoni shu hafta yakunlanishi kutilmoqda va sudya BitGo 100 million dollarlik tovon pulini olish-olmasligi boʻyicha yakuniy qarorni chiqaradi.










