Janubiy Koreyada CATFI memekoini asoschilari rug-pull ishi boʻyicha ayblandi

Janubiy Koreya prokuraturasi Solana tarmogʻiga asoslangan Catpie (CATFI) memekoini atrofida yuzaga kelgan firibgarlik holati boʻyicha bir guruh shaxslarga nisbatan ayblov eʻlon qildi. Mahalliy OAV ushbu voqeani mamlakat tarixidagi markazlashmagan birja (DEX) orqali amalga oshirilgan birinchi "rug-pull" jinoyati sifatida qayd etmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Seul Janubiy okrug prokuraturasining Virtual aktivlar boʻyicha qoʻshma tergov boʻlimi tomonidan qoʻlga olingan guruhning asosiy aʻzosi Park familiyali shaxs ekani aytilmoqda. U ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini "Eth Father" deb tanishtirib, CATFI loyihasini mustaqil uchinchi tomon aktivi sifatida yolgʻon targʻib qilgan. Natijada kamida 256 nafar investor taxminan 900 million von (599,000 USD) miqdorida zarar koʻrgan.
Tergov maʻlumotlariga koʻra, guruh token narxini 26 soat ichida 1000 baravardan koʻproqqa oshirishga erishgan va shundan soʻng oʻzlaridagi aktivlarni sotib yuborib, 400 million von (260,000 USD) miqdorida noqonuniy foyda koʻrgan. Bu Janubiy Koreyada "Virtual aktivlar foydalanuvchilarini himoya qilish toʻgʻrisida"gi qonun doirasida memekoin firibgarligi uchun amalga oshirilgan ilk hibsga olishdir.
Hozirda CATFI tokenining bozor kapitalizatsiyasi oʻzining eng yuqori nuqtasi boʻlgan 8,99 million dollardan 99 foizga tushib ketgan va 57,000 dollarni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, 1,500 dan ortiq investor hali ham narxlar tiklanishidan umid qilib tokenni hamyonlarida saqlab turibdi. Loyihani targʻib qilgan X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifa esa oʻchirib tashlangan.
Ushbu voqea Janubiy Koreya kriptovalyuta bozorida savdo hajmi sezilarli darajada kamaygan davrga toʻgʻri keldi. Maʻlumotlarga koʻra, mahalliy birjalardagi savdo hajmi KOSPI fond bozori hajmining atigi 8 foizini tashkil etmoqda. Rasmiylar kripto bozoridagi narxlarni manipulyatsiya qilishga qarshi choralarni yanada kuchaytirishini maʻlum qildi.










