Texnologiya olami rahbarlari AI psixoziga duchor boʻlmoqda

Bugungi kunda texnologiya sanoatida oʻziga xos tartibsizlik kuzatilmoqda. Bu holat bulutli hisoblash davridagi xarajatlarning keskin oshishini eslatsa-da, rekord darajadagi daromadlar fonida ommaviy ishdan boʻshatishlar yuz berayotgani bilan avvalgilaridan farq qiladi. Sanoatda paydo boʻlgan yangi nazariyaga koʻra, yirik kompaniya rahbarlari, ayniqsa bosh direktorlar (CEO), sunʼiy intellekt tufayli yuzaga kelgan ulugʻvorlik vasvasasidan aziyat chekmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Box asoschisi Aaron Levie ushbu hodisani ochiqchasiga "AI psixozi" deb atadi. Uning fikricha, rahbarlar sunʼiy intellekt yordamida qiymat yaratish uchun zarur boʻlgan real ish jarayonlaridan juda uzoqlashib ketgan. Levie X ijtimoiy tarmogʻida yozishicha, CEOlar AI bilan shunchaki "oʻynashadi", prototip yaratishadi yoki shartnoma matnini generatsiya qilishadi va shundan soʻng barcha ishlarni agentlar bajara oladi degan notoʻgʻri xulosaga kelishadi.
Aslida esa, yuqori boʻgʻin rahbarlari dasturiy taʼminotni ishga tushirishdan oldin kodni tekshirish, xatolarni topish yoki AI tomonidan oʻylab topilgan (gallyusinatsiya) kutubxonalarni aniqlash bilan shugʻullanmaydi. Ular kompaniyaning oʻziga xos shartnoma shartlarini AI modellariga oʻrgatish masʼuliyatini ham oʻz boʻyniga olmaydi. Leviening nazariyasiga koʻra, rahbarlar qaysi jarayonlarni avtomatlashtirish mumkin-u, qaysilarini yoʻqligini tushunish uchun yetarli bilimga ega emaslar.
Shuni taʼkidlash kerakki, Levie sunʼiy intellektga qarshi emas. Aksincha, u oʻzining 2,7 million kuzatuvchisiga AI kelajagi haqida ijobiy postlar ulashadi va koʻplab startaplarga sarmoya kiritadi. Uning maslahati shuki, rahbarlar AI imkoniyatlarini haqiqatda tushunish uchun undan juda koʻp foydalanishlari va ham ijobiy tomonlarini, ham real mehnat talab qiladigan jihatlarini koʻra bilishlari kerak.













