«С5+1» sammiti rahbarlari qo‘shma bayonoti e’lon qilindi

«С5+1» sammiti rahbarlari qo‘shma bayonoti e’lon qilindi

19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan «S5+1» (Markaziy Osiyo + AQSH) sammiti rahbarlarining qo‘shma bayonoti Oq uy saytida e’lon qilindi.

Tomonlar savdo, energetika, iqlim va xavfsizlik kabi mavzularda o‘zaro hamkorlik qilishga e’tibor qaratdilar.

Qo‘shma bayonotning mazmuni quyidagicha:

- davlatlar barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi;

- S5+1 platformasi orqali hamkorlikni mustahkamlash, savdo, energetika, iqlim va xavfsizlik kabi mavzularda o‘zaro hamkorlik qilish va «jamoaviy yechim uchun yuqori darajadagi muloqotni davom ettirishga intilish» niyatida;

- «mintaqadagi murakkab muammolarni hal qilish va yuzaga kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish uchun barqaror hamkorlik» qarashlariga qo‘shilish;

- global muammolarga mintaqaviy yechim topish bo‘yicha S5+1 maqsadlariga rioya qilish;

- Markaziy Osiyoda xavfsizlikni kuchaytirish, iqtisodiy barqarorlikni oshirish, barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;

- uchrashuv AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bobi bo‘lib, S5+1 mexanizmining muhimligini ta’kidlaydi;

- AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘onistondagi vaziyat sharoitida xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish niyatida;

- transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun Transkaspiy savdo yo‘lini, energiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi transport tarmoqlarini kengaytirish.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrif dasturiga muvofiq 19 sentyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining «C5+1» formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSH prezidenti Jozef Bayden, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.