Dugari Neymarning Braziliya terma jamoasiga qaytishini keskin tanqid qildi

1998-yilgi jahon chempioni Kristof Dugari Karlo Anchelottining Neymar boʻyicha qabul qilgan qarorini keskin tanqid ostiga oldi. Fransiyalik sobiq futbolchining fikricha, 34 yoshli hujumchining 2026-yilgi jahon chempionati uchun Braziliya terma jamoasiga chaqirilishi "shou"dan boshqa narsa emas va bu "Selesao" saviyasi pasayib ketganidan dalolat beradi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Neymarning uch yillik tanaffusdan soʻng milliy jamoaga qaytishi vatanida bayramdek kutib olingan boʻlsa-da, mutaxassislar orasida uning jismoniy va taktik holati boʻyicha shubhalar paydo boʻlmoqda. Dugari RMC Sport efirida bu holatni ochiqchasiga masxara deb atadi: "Men bu chaqiruv ortida chuqur masxarani his qilyapman. Odamlar u turnir boshlanmasdan jarohat oladi yoki vazn toʻplagan deb gapirishmoqda. Uni shunchaki tomosha obʼyektiga aylantirib qoʻyishdi va Neymar buni oʻzi xohlamoqda".
Sobiq hujumchining taʼkidlashicha, besh karra jahon chempionlarining oʻz choʻqqisidan oʻtib boʻlgan futbolchiga tayanishi jamoaning hozirgi inqirozini koʻrsatadi. "Neymarning tanlanishi Braziliya qanchalik pastga tushib ketganini isbotlaydi. Bu yigit hali ham jamoaga nimadir bera olishiga ishonmayman", — deya qoʻshimcha qildi Dugari.
Braziliya terma jamoasi 27-may kuni Granja Komari bazasida yigʻiladi va 31-may kuni Marakana stadionida Panamaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Shundan soʻng Karlo Anchelotti shogirdlari jahon chempionatining "C" guruhida Marokash, Gaiti va Shotlandiya bilan kuch sinashish uchun Shimoliy Amerikaga yoʻl oladi.













