Toshkent viloyatida 17,5 tonna “qimmatbaho qum” fosh bo‘ldi

Toshkent viloyatida qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasiga qarshi yirik tezkor chora-tadbirlar o‘tkazildi. Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan amaliyotning asosiy maqsadi — kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va qimmatbaho metallar savdosi bilan bog‘liq jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Ohangaron tumani, Angren va Olmaliq shaharlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari doirasida 9 nafar fuqaroning yashash manzili ko‘zdan kechirilgan. Natijada tarkibida qimmatbaho metall bor deb gumon qilingan jami 17,5 tonna qum va toshlar, shuningdek, ularni qayta ishlashda ishlatilgan turli asbob-uskunalar topilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tekshiruvlar jarayonida qo‘shimcha ravishda 135 gramm oltin, 25 gramm “marixuana”, 1 dona ov quroli va 42 dona o‘q-dori ham musodara qilingani aytilmoqda. Barcha ashyoviy dalillar tegishli ekspertizalarga yuborilgan.
Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda. Yakunda qonunchilik doirasida tegishli huquqiy baho berilishi ma’lum qilindi.













