Toshkentda begona xonadonlarga bostirib kirishga uringan erkak qamaldi

Yunusobod tuman sudida 30 yoshli mahalliy fuqaro begona xonadonlarga kirishga uringani uchun 10 sutkaga ma\'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. U 19 yanvarga o\'tar kechasi kuchli mast holatda 11-mavze aholisining eshiklarini tepib-urib, ilgaklaridan uzishga va eshik tutqichlarini sug\'urib olishga harakat qilgani aytiladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Hodisa yarim tundan keyin Yunusobod tumanidagi ko\'p qavatli uylardan birida boshlangan. Ish materiallariga ko\'ra, u avval bir xonadon eshigini kuch bilan ochmoqchi bo\'lgan, oradan bir necha daqiqa o\'tib esa qo\'shni uyga o\'tgan. Shovqindan cho\'chigan aholi huquq-tartibot idoralariga qo\'ng\'iroq qilishini aytgach, u joyidan qochib ketgan. Biroq ko\'p o\'tmay shaxsi aniqlanib, ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.
Sud majlisida erkak aybini to\'liq tan olgan. U qilmishini spirtli ichimlik ta\'siridan \"xotira uzilishlari\" bo\'lgani va oilaviy muammolar bilan izohlagan, pushaymonligini bildirgan hamda eng yengil jazo berishni so\'ragan.
Holat Ma\'muriy javobgarlik to\'g\'risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan baholanib, unga 10 sutkalik ma\'muriy qamoq tayinlandi.













