Namangan osmonida g‘ayritabiiy hodisa kuzatildi

Kecha, 24 may kuni Namangan osmonida kam uchraydigan va ko‘pchilikni hayratga solgan g‘ayritabiiy manzara kuzatildi. Quyosh atrofida paydo bo‘lgan yorqin halqa ko‘plab fuqarolar e’tiborini tortib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, ushbu hodisa “Galo” deb ataladi. Bu — atmosfera sharoitida yuzaga keladigan optik hodisa bo‘lib, Quyosh yoki Oy atrofida yorug‘ halqa paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday effekt havoda muallaq holda uchib yuruvchi mayda muz kristallari orqali yorug‘likning sinishi va qaytishi natijasida hosil bo‘ladi.
Natijada osmonda rang-barang doira, yorqin yoylar yoki nurli ustunlarga o‘xshash tasvirlar paydo bo‘ladi. Ayniqsa quyoshli kunda bu manzara yanada ravshan va jozibali ko‘rinadi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, Namangandagi ushbu manzara ham o‘zining go‘zalligi va noodatiyligi bilan ajralib turgan. Ko‘pchilik bu hodisani suratga olib, uni “tabiat mo‘jizasi” sifatida baholamoqda.
Ma’lumki, “Galo” hodisasi tez-tez uchramaydi va ko‘pincha sovuq qatlamlarda muz kristallari mavjud bo‘lganda yuzaga keladi. Shu bois bunday manzarani ko‘rish ko‘pchilik uchun noyob va esda qolarli lahza hisoblanadi.













