Huawei AQSH sanksiyalariga qaramay 1,4 nm chiplarni ishlab chiqarmoqchi

Huawei Technologies kompaniyasi Shanxayda boʻlib oʻtgan IEEE International Symposium on Circuits and Systems (ISCAS) 2026 forumida oʻzining ulkan rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Kompaniya vakillarining soʻzlariga koʻra, yaqin besh yil ichida Huawei yuqori unumdorlikka ega chiplari tranzistorlar zichligi boʻyicha 1,4 nm texnologik jarayon darajasiga yetadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu koʻrsatkich yarimoʻtkazgichlar sanoatining kelajakdagi eng ilgʻor bosqichi hisoblanadi. Xitoy gigantining bu harakati mamlakatning xorijiy texnologiyalarga boʻlgan qaramligini kamaytirish yoʻlidagi muhim qadami sifatida baholanmoqda. Garchi kompaniya hozircha mustaqil unumdorlik oʻlchovlari va ishlab chiqarish tafsilotlarini ochiqlamagan boʻlsa-da, litografiya uskunalariga qoʻyilgan xalqaro cheklovlar fonida bu maqsad juda ambitsiyali koʻrinadi.
Taqqoslash uchun, jahon yetakchisi TSMC allaqachon 2 nm texnologik jarayonni seriyali ishlab chiqarishga joriy etgan va 2028-yilga kelib 1,4 nm texnologiyasiga oʻtishni rejalashtirmoqda. Huawei esa oʻz navbatida zamonaviy uskunalar tanqisligini innovatsion muhandislik yechimlari orqali hal qilishni koʻzlamoqda.
Avvalroq kompaniya rahbari He Tingbo yangi Logic Folding (mantiqiy taxlash) texnologiyasi yordamida Kirin 5G protsessorlari unumdorligini oshirish rejalari haqida maʼlum qilgan edi. Ushbu texnologiya asosida yaratilgan yangi avlod Kirin SoC chiplari 2026-yilning kuzida bozorga chiqishi kutilmoqda.













