Propiska boʻyicha prezident qarori tasdiqlandi

Propiska boʻyicha prezident qarori tasdiqlandi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) boshqa davlatlardan kelgan va doimiy propiska qilinish huquqiga ega boʻlgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar toifalari roʻyxati tasdiqlandi.

Endilikda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni doimiy propiska qilish quyidagi roʻyxat asosida amalga oshiriladi:

qonun hujjatlariga muvofiq sotib olingan uy-joyga ega boʻlgan chet el davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar – xususiy mulk qilib olingan uy-joyga;

qarindoshlar – mazkur Roʻyxat kuchga kirgunga qadar oʻzlarining toʻgʻri shajara boʻyicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga;

er (xotin) – xotini (eri) doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga, basharti kamida besh yil birgalikda yashayotgan boʻlsa;

vasiylik va homiylikdagi shaxslar – vasiy (homiy) doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga;

ota-onasi boʻlmagan voyaga yetmagan tugʻishgan aka-uka va opa-singillar – oʻzlarining tugʻishgan aka-uka yoki opa-singillari doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga;

davlat tashkilotlariga ishga taklif etiladigan mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga koʻra, shuningdek, ularning oila aʼzolari (eri, xotini, shuningdek, ularning oʻz oilasi boʻlmagan farzandlari) – mazkur shaxslar lavozimda turadigan davrga;

Oʻzbekistonda tugʻilgan yoki ilgari doimiy propiska qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar – doimiy yashash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga (Toshkent viloyatidan tashqari) qaytib kelganida.
Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.
"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.