Ravshan Haydarov: U-23 maqsadi – iste’dodli yoshlarni milliy jamoaga yetkazish

Ravshan Haydarov: U-23 maqsadi – iste’dodli yoshlarni milliy jamoaga yetkazish

2026 yilgi U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichi “Ye” guruhi bahslari oldidan jamoalarning bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ustozi Ravshan Haydarov ham qatnashib, o‘z qarashlarini baham ko‘rdi.

— Avvalo, saralash bosqichi ishtirokchilarini samimiy qutlayman. Ushbu turnir yuksak darajada tashkil etilishiga ishonchim komil. Umid qilamanki, barcha o‘yinlar muxlislar uchun qiziqarli va tomoshabop tarzda kechadi, g‘alaba esa munosib jamoaga nasib etadi, — dedi murabbiy.

Haydarov Qirg‘iziston futbol ittifoqiga ham alohida minnatdorlik bildirdi:

— Bu yerda yuqori saviyadagi tashkilotchilikni ko‘rmoqdamiz. Jamoamiz ham belgilangan reja asosida puxta tayyorgarlikdan o‘tdi. Xozir futbolchilarimiz musobaqaga jismoniy va ma’naviy jihatdan yaxshi holatda kirib keldi, — deya qo‘shimcha qildi u.

Murabbiy tarkib masalasiga ham to‘xtaldi:

— Yoshlar jamoalaridagi o‘yinchilar uchun bu bosqich milliy jamoaga ko‘tarilishda muhim davr hisoblanadi. Ayrim futbolchilarimiz allaqachon asosiy terma safida maydonga tusha boshlagan. Biz ularni yana U-23 jamoasiga chaqirmaslikka harakat qilamiz. Chunki asosiy vazifamiz – milliy jamoaga kuchli va iqtidorli futbolchilarni yetkazib berish. Masalan, ilgari yoshlar safida o‘ynagan Abduqodir Husanov va Abbos Fayzullayev bugun milliy termada o‘z o‘rniga ega. Biz uchun eng asosiy maqsad — yoshlarga imkoniyat yaratib berish, ularni katta futbolga tayyorlashdir, — dedi Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Bishkekda bo‘lib o‘tadigan saralash bahslarida maydonga tushadi. Yigitlarimiz 3 sentyabr kuni Shri-Lankaga, 6 sentyabr kuni Qirg‘izistonga va 9 sentyabr kuni Falastinga qarshi o‘ynashadi. Avvalroq murabbiy tarkibni ham e’lon qilgan edi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.