Yamalning jarohati "El-klasiko"ni ham o‘tkazib yuborishi mumkin

\"Barselona\" bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa vingeri Lamin Yamalning sog‘ligi haqida so‘z yuritdi. Bir kun oldin klub futbolchining bel qismidagi muammo yana qaytalaganini ma’lum qilib, uni kamida ikki-uch haftaga safdan chiqargandi.
Flikning ta’kidlashicha, bu oddiy jarohat emas va uning maydonga qaytish vaqti hozircha noaniq.
— “Qachon to‘liq tayyor bo‘lishini aniq bilmaymiz. Bu mushak yoki yengil jarohat emas. Ikki, uch, yoki to‘rt haftada tiklanadimi yo‘qmi— hozircha noma’lum. Hatto u \'El-klasiko\'gacha tuzalib ulguradi, deb ishonch bilan ayta olmayman. Hozir u reabilitatsiya mutaxassislari bilan ishlamoqda, keyin ko‘ramiz”, — dedi murabbiy jurnalistlar bilan suhbatda.
Ma’lumot uchun, Lamin Yamal sentyabr oyida “Barselona”ning to‘rtta uchrashuvini jarohati sabab o‘tkazib yuborgan, keyinroq esa “Real Sosedad” va “PSJ”ga qarshi o‘yinlarda maydonga tushgan edi.













