Messi MLSda «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritdi

«Inter Mayami» yetakchisi Lionel Messi AQSHning MLS chempionatida eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida «Oltin butsa» sovriniga sazovor bo‘ldi. Argentinalik yulduz bu mukofotni pley-offning 1/8 finalida «Neshvill»ga qarshi bellashuv oldidan qabul qildi.
Uchrashuv Florida shtatidagi Fort-Loderdeyl shahrida joylashgan «Cheyz Stedium»da bo‘lib o‘tmoqda. Hozirgi hisob — 2:0 «Inter Mayami» foydasiga, gollardan biriga Messi mualliflik qildi.
38 yoshli hujumchi mavsum davomida 28 o‘yinda maydonga tushib, 29 ta gol urdi. Uning eng yaqin raqiblari — «Los-Anjeles» futbolchisi Deni Buanga va «Neshvill» hujumchisi Sem Sarrij 24 tadan gol bilan orqada qoldi.
Messi 2023 yil yozidan buyon «Inter Mayami» safida o‘ynab kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u jamoa sharafini 82 marta himoya qilib, 71 ta gol va 37 ta assist qayd etdi.
Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, afsonaviy futbolchining bozor qiymati hozirda 18 million yevroni tashkil etadi.













