Figma oʻzining dizayn platformasiga sunʼiy intellekt agentini qoʻshdi

Oxirgi oylarda Figma kompaniyasi OpenAI va Anthropic bilan hamkorlik oʻrnatib, foydalanuvchilarga dizayn dasturi bilan birga Claude Code va Codex kabi kodlash muhitlaridan foydalanish imkoniyatini yaratgan edi. Endilikda kompaniya oʻzining hamkorlikdagi kanvasida ishlaydigan yangi sunʼiy intellekt agentini taqdim etdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Figma maʼlumotlariga koʻra, foydalanuvchilar oddiy matnli buyruqlar yordamida yangi dizaynlar yaratish, mavjudlarini tahrirlash yoki dizayn variantlarini avtomatik generatsiya qilish kabi vazifalarni bajarishi mumkin. Shuningdek, bir vaqtning oʻzida turli vazifalar bilan shugʻullanuvchi bir nechta agentlarni ishga tushirish imkoniyati ham mavjud.
Kompaniya ushbu AI yordamchisi dizayn konteksti va elementlarini yaxshi tushunishini taʼkidlamoqda, chunki u aynan dizayn sohasiga moslashtirilgan AI modellari asosida ishlaydi. Figma bosh dizayn direktori Loredana Crisan’ning soʻzlariga koʻra, jamoalar endi zerikarli va takrorlanuvchi ishlarga vaqt sarflamasdan, gʻoyalarni vizuallashtirish va konseptlarni takomillashtirishga koʻproq eʼtibor qaratishlari mumkin.
Yangi agent dastlab Figma Design platformasida ishga tushiriladi va kelajakda kompaniyaning boshqa mahsulotlariga ham tatbiq etiladi. Figma vaqt oʻtishi bilan oʻz ilovalarida dizayn va kodni bir-biriga yanada yaqinlashtirishni maqsad qilgan. Canva va Adobe kabi raqobatchilarning bosimiga qaramay, kompaniya moliyaviy jihatdan oʻsishda davom etmoqda.
Sunʼiy intellekt dizaynerlar ishini egallab olishi haqidagi xavotirlarga qaramay, Figma 2026-yilning birinchi choragida 333,4 million dollar daromad koʻrganini maʼlum qildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 46 foizga koʻpdir. Kompaniya oʻtgan yili Weavy vositasini sotib olgan va oʻz mahsulotlariga yangi tasvir tahrirlash funksiyalarini qoʻshgan edi.













