Yevropa Ligasi 8-turida kambeklar va top sakkiz jamoa nomi aniqlandi

Yevropa Ligasi 8-turida kambeklar va top sakkiz jamoa nomi aniqlandi

Yevropa Ligasida ham umumiy bosqich o‘zining so‘nggi — 8-tur o‘yinlari bilan yakunlandi. Oxirgi tur o‘yinlari muxlislarga aynan kutilgan tomoshani berdi: gollar “yog‘di”, dramatik burilishlar bo‘ldi, ayrim jamoalar esa so‘nggi daqiqalarda taqdirini hal qildi.

Bu gal peshqadamlar — «Lion» va «Aston Villa» yana bir bor “hech kim zerikmaydi” degan ssenariyni ishga tushirdi. Ayniqsa Emeri boshchiligidagi «Aston Villa»ning kambeki ko‘pchilikni lol qoldirdi: jamoa 0:2 hisobida ortda qolgan paytda ham ruhan sinmadi va o‘yinni 3:2ga aylantirib, g‘alabani “o‘g‘irlab” emas, haqiqiy xarakter evaziga olib qo‘ydi. «Zalsburg»ga qarshi bahsda Rojers, Mingz va Jimo gollari g‘alabaning kaliti bo‘ldi.

Aston Villa — Zalsburg 3:2

Gollar: Rojers (65), Mingz (76), Jimo (87) — Konate (33), Yeo (49).

«Betis»da esa Antoni nomini alohida tilga olish kerak. Uning maydondagi harakatlari, “pushka”dek zarbasi va assisti jamoaga katta turtki berdi. Natijada «Feyenoord» ustidan 2:1 hisobidagi g‘alaba qo‘lga kiritildi va sevilyaliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga chiqqan 8 jamoa orasiga kirishni uddaladi. Bu — so‘nggi turda “reja”ni sof bajargan jamoalardan biri degani.

Betis — Feyenoord 2:1

Gollar: Antoni (17), Ezzalzuli (32) — Tengstedt (77).

Yana bir prinsipial kurash Gretsiyada kuzatildi: «Roma» «Panatinaikos»ga qarshi o‘yinda erta — 15-daqiqada Manchini chetlatilib, italiyaliklar 10 kishi bo‘lib qoldi. Shunga qaramay, rimliklar yiqilmadi: 1:1 hisobida durang qayd etib, top-8da qolish uchun kerak bo‘lgan natijani “tish-tirnoq” bilan ushlab qoldi. Futbolda ba’zan g‘alaba emas, ana shunday durang ham chempionlarcha xarakter hisoblanadi.

Panatinaikos — Roma 1:1

Gollar: Taborda (58) — Ziolkovski (80).

Chetlatish: Manchini (15, Roma).

Turning yana bir sergol o‘yinida «Lion» PAOK bilan to‘qnash kelib, 4:2 hisobida yutib chiqdi. Bu bahsda ham temp baland, gollar esa bir-birini quvib keldi. Hatto «Lion» penaltidan foydalana olmadi, lekin baribir yakunda ustunlikni o‘zida saqlab qoldi.

Lion — PAOK 4:2

Gollar: Himbert (34), Merah (55), Karabes (88), Gomes (90+3) — Yakumakis (20), Meyte (67).

Foydalanilmagan penalti: Karabes (83, Lion).

Chetlatish: Konstantelias (41, PAOK).

Shu orada ayrim tanish nomlar “to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 final” o‘rniga qo‘shimcha pley-off bosqichiga tushib qoldi. «Nottinghem Forest», «Fenerbahche», «Lill» kabi klublar endi yo‘lni bir oz uzaytirib, o‘tish o‘yinlari orqali davom etishga majbur bo‘ladi. «Forest»ning 4:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bor, ammo umumiy vaziyatga ko‘ra ularga ham pley-off “zinasi”dan chiqish to‘g‘ri keldi. «Lill» esa juda og‘ir o‘yinda 90+2-daqiqada penalti hisobidan g‘alaba topdi — bunday uch ochko keyin turnir taqdiriga ham ta’sir qilishi mumkin.

Nottinghem Forest — Ferensvarosh 4:0

Gollar: Otvos (17, avtogol), Jezus (21, 55), Makeyti (90, penalti).

Lill — Frayburg 1:0

Gol: Jir-u (90+2, penalti).

Chetlatish: Eggeshtayn (74, Frayburg).

Qolgan o‘yinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:

Srvena Zvezda — Selta 1:1

Gollar: Duarte (89) — Lopes (87).

Makkabi Tel-Aviv — Bolonya 0:3

Gollar: Rou (35), Orsolini (47), Pobega (90+4).

Gou Ehed Iglz — Braga 0:0

Shtutgart — Yang Boyz 3:2

Gollar: Undav (6), Demirovich (7), Andres (90) — Gigovich (42), Lauper (57).

Midtyulland — Dinamo Zagreb 2:0

Gollar: Simsir (49), Bak (74).

Bazel — Viktoriya Plzen 0:1

Gol: Panos (39).

Seltik — Utrext 4:2

Gollar: Nyugren (6), Virgever (10, avtogol), Engels (19, penalti), Trasti (66) — de Vit (44), Bleyk (62).

Ludogores — Nitssa 1:0

Gol: Stanich (42).

Shturm — Brann 1:0

Gol: Kitemshvili (85).

Genk — Malmyo 2:1

Gollar: Heymans (45, penalti), Karetsas (82) — Ali (4).

Yevropa Ligasi 8-turidan keyingi musobaqa jadvali:

Yevropa Ligasi 8-turida kambeklar va top sakkiz jamoa nomi aniqlandi

Qisqasi, Yevropa Ligasining umumiy bosqichi oxirida intriga o‘z kuchida qoldi: bir tarafda to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga chiqqanlar, ikkinchi tarafda esa qo‘shimcha bosqichda “tirik qolish” uchun kurashadiganlar. Endi eng qizig‘i boshlanyapti — pley-offda xatoga joy yo‘q, bir epizod butun mavsumni yoritib yuborishi ham, o‘chirib tashlashi ham mumkin.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.