Allegri Modrichning g'alaba goliga baho berdi

"Milan" bosh murabbiyi Massimiliano Allegri "Piza" ustidan 2:1 hisobidagi g'alabani ta'minlagan Luka Modrich haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
40 yoshli yarim himoyachi juma kuni bo'lib o'tgan A Seriya uchrashuvining 85-daqiqasida hal qiluvchi golni urib, jamoasiga uch ochko olib keldi.
"Nima deyishim mumkin? Luka — noodatiy futbolchi. U borib, biz uchun g'alabani olib berdi. Uning kamtarligi hammaning o'rnak oladigan jihati — yutuqlari va iste'dodiga qaramay, juda sodda. Uning biz bilan ekanidan juda xursandmiz", — dedi Allegri o'yindan keyin OAV bilan suhbatda.
Modrich "Milan"ga o'tgan yozda kelib qo'shilgandi. "Piza" darvozasiga kiritilgan to'p yarim himoyachi uchun "rossoneri" safidagi 26 o'yinda urilgan ikkinchi gol bo'ldi.













