Mak Allister 90+7-daqiqada "Liverpul"ga dramatik g‘alaba sovg‘a qildi

Mak Allister 90+7-daqiqada "Liverpul"ga dramatik g‘alaba sovg‘a qildi

Angliya chempionatining 27-turi haqiqiy “nervlar sinovi”ga aylandi. Safarda o‘ynagan «Liverpul» «Nottinghem Forest» darvozasini 90+7-daqiqada ishg‘ol qilib, uch ochkoni oxirgi soniyalarda “ilib ketdi”. Ushbu g‘alabadan keyin mersisaydliklar 45 ochko bilan 6-o‘rinda boryapti, «Forest» esa 27 ochko bilan 17-pog‘onada qoldi.

Bahs davomida ikki jamoa ham ehtiyotkor o‘ynadi: «Forest» o‘z uyida ochko ilib qolishga urindi, «Liverpul» esa bosimni oshirsa-da, gol uchun “kalit” topishga ancha qiynaldi. Ammo futbolning eng yoqimli tomoni shunda — u oxirigacha syurpriz saqlaydi.

Qo‘shimcha vaqtning 90+7-daqiqasida maydondagi vaziyat bir lahzada o‘zgardi: Aleksis Mak Allister hal qiluvchi zarba bilan «Liverpul»ga g‘alaba keltirdi. Mana shu gol turning eng qattiq “punkti” bo‘ldi — chunki u nafaqat hisobni, balki tur kayfiyatini ham o‘zgartirib yubordi.

Uchrashuvda yana bir qiziq epizod kuzatildi: jamoaning eng katta yulduzlaridan biri Muhammad Saloh 77-daqiqada almashtirilganda, maydonni istehzoli tabassum bilan tark etdi. Go‘yo “ha, ha, bular meni chiqardi-da” degandek. Lekin natija muhim: jamoa oxirida baribir o‘zinikini oldi.

Nottinghem Forest — Liverpul 0:1

Gol: Mak Allister (90+7).

Nottinghem Forest — Ortega, Ayna, Milenkovich, Murillo, Uilyams, Sangare, Anderson (Dominges, 77), Hatchinson (Batcha, 66), Gibbs-Uayt, Hadson-Odoi (Ndoye, 66), Jezus (Lukka, 77).

Liverpul — Alisson, Soboslai, Konate, van Deyk, Kerkez (Robertson, 83), Gravenberh, Mak Allister, Saloh (Ngumoha, 77), Gakpo (Kiyeza, 77), Jons (Gomes, 83), Ekitike.

Ogohlantirishlar: Gibbs-Uayt (20), Ayna (61).

Turning boshqa o‘yinlarida ham dramalar yetarlicha bo‘ldi. «Fulhem» mehmonda «Sanderlend»ni 3:1 hisobida yengdi: Raul Ximenes ikki bor gol urdi (bittasi penaltidan), yana bir golga Aleks Ivobi mualliflik qildi. «Sanderlend»ning yagona to‘pi esa Le Fe tomonidan penaltidan kiritildi.

Sanderlend — Fulhem 1:3

Gollar: Le Fe (79, penalti) — Ximenes (54, 61 penalti), Ivobi (85).

«Kristal Pelas» esa autsayder «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinda 90-daqiqada gol urib, 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu bahsda «Vulverhempton» penaltini ham ura olmadi, ustiga-ustak 61-daqiqada bir futbolchisi maydondan chetlatildi. Qisqasi, bu turda “oxirgi daqiqalar” haqiqiy qahramon bo‘ldi.

Kristal Pelas — Vulverhempton 1:0

Gol: Gessan (90).

Foydalanilmagan penalti: Arokodare (43, Vulverhempton).

Chetlatish: Kreychiy (61, Vulverhempton).

APL 27-turning shu kechasi bir narsani yana isbotladi: agar sen o‘yin tugadi deb o‘ylasang, futbol hali yangi seriyani boshlab yuboradi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.