Arne Slot: "Klub, muxlislar va rahbariyat qo‘llab-quvvatlashi kuchli"

Arne Slot: "Klub, muxlislar va rahbariyat qo‘llab-quvvatlashi kuchli"

“Liverpul” bosh murabbiyi Arne Slot APL doirasidagi “Fulhem”ga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoa atrofidagi qo‘llab-quvvatlash haqida fikr bildirdi.

Uning taʼkidlashicha, klub ichidagi ishonch va birdamlik yuqori darajada saqlanib turibdi. Ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi og‘ir mag‘lubiyatdan keyin ham qo‘llab-quvvatlash susaymagan. 8 aprel kuni mersisaydliklar UYEFA Chempionlar ligasi chorakfinalining ilk uchrashuvida PSJga 0:2 hisobida yengilgan edi.

Slot bu holatda eng muhimi — klub tomonidan berilayotgan ishonch ekanini alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat rahbariyat emas, balki sport direktorlari Richard Hyuz va Maykl Edvards ham jamoani to‘liq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Shu bilan birga, murabbiy muxlislarni ham alohida tilga oldi. U hatto og‘ir mag‘lubiyatlardan keyin ham tribunalarda qo‘shiqlar to‘xtamaganini, ishqibozlar jamoaga ruhiy kuch berib kelayotganini aytdi. Manchester Sitiga qarshi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin ham muxlislar “Liverpulni yaxshi ko‘ramiz” deb qo‘shiq aytganini esladi.

“Vaziyatni to‘liq tushunamiz, lekin men har tomonlama kuchli qo‘llab-quvvatlashni his qilyapman,” — dedi Slot, deb xabar qiladi BBC.

Hozirgi paytda jamoa uchun eng asosiy vazifa — psixologik barqarorlikni saqlash va keyingi o‘yinlarga maksimal tayyorgarlik ko‘rish. Slotning bayonoti esa “Liverpul” atrofida hali ham ishonch va birdamlik yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.