OFK Elit ligasi formati kengayishi mumkin: O‘zbekistonga imkoniyat...

OFK Elit ligasi formati kengayishi mumkin: O‘zbekistonga imkoniyat...

Osiyo klub futbolida katta o‘zgarishlar eshigi ochilishi mumkin. Maʼlumotlarga ko‘ra, OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasida ishtirokchilar soni har ikki mintaqada — G‘arb va Sharqda — 12 tadan 16 tagacha oshirilishi rejalashtirilmoqda. Agar bu taklif amalga oshsa, turnir formati va kvotalar taqsimoti sezilarli darajada yangilanadi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu o‘zgarishlar jami 12 mamlakatga taʼsir qiladi: G‘arb mintaqasida 6 ta va Sharqda yana 6 ta davlat. Eng katta foydani, kutilganidek, o‘z hududlarida reyting peshqadami bo‘lgan Saudiya Arabistoni va Yaponiya olishi mumkin. Unga ko‘ra, ushbu mamlakatlarga pley-off bosqichi uchun qo‘shimcha ravishda ikkitadan yo‘llanma ajratish ko‘zda tutilgan — bu avval amalda bo‘lmagan imkoniyat.

Mintaqaviy reytingda ikkinchi pog‘onada turgan BAA va Janubiy Koreya guruh bosqichi uchun yana bittadan qo‘shimcha o‘ringa ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, beshinchi o‘rindagi O‘zbekiston va Avstraliya pley-off bosqichi uchun bittadan qo‘shimcha yo‘llanma olishi ehtimol qilinmoqda. Yettinchi pog‘onadagi Iordaniya va Vetnam esa ilk bor elita turniriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin — avval ularda bunday shans umuman yo‘q edi.

Qiziq jihati shundaki, oltinchi o‘rinni egallab turgan Iroq va Malayziya uchun hech qanday qo‘shimcha kvota nazarda tutilmagan. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rindagi mamlakatlar — Qatar, Tailand, Eron va Xitoy — kvota sonini oshirmasa-da, sifat jihatidan yutuqqa ega bo‘ladi. Yaʼni ularning pley-off o‘rinlari guruh bosqichi yo‘llanmasiga aylanishi mumkin.

Manba qayd etishicha, bu hali rasmiy qaror emas, balki qo‘mita muhokamasiga taqdim etilgan takliflardan biri xolos. Barcha aniq va tasdiqlangan yangiliklar juma kuni eʼlon qilinishi kutilmoqda.

Agar ushbu tashabbus qabul qilinsa, O‘zbekiston klublari uchun ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Jumladan, “Neftchi” to‘g‘ridan-to‘g‘ri elita musobaqasi guruh bosqichiga yo‘l olishi mumkin. “Paxtakor” esa pley-offdan ishtirokni boshlab, g‘alaba qozonsa guruh bosqichiga chiqadi, aks holda ikkinchi darajali Chempionlar Ligasiga yo‘l oladi. “Nasaf” esa Chempionlar Ligasi-2 musobaqasining guruh bosqichida qatnashishi mumkin.

Albatta, bu imkoniyatlardan foydalanish uchun klublarda OFK litsenziyasi bo‘lishi asosiy shart hisoblanadi. Qisqasi, agar o‘zgarishlar tasdiqlansa, o‘zbek klublari uchun yangi eshiklar ochilishi mumkin — endi hammasi rasmiy qarorga bog‘liq.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.