Mourino "Real"dan qaysi futbolchilarni "haydashi" ma’lum bo‘ldi...

Mourino "Real"dan qaysi futbolchilarni "haydashi" ma’lum bo‘ldi...

Madridning “Real” klubida katta o‘zgarishlar boshlanishi mumkin. “Benfika” bosh murabbiyi Joze Mourino tez orada “qirollik klubi” boshqaruvini qabul qilishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Portugaliyalik mutaxassis esa hozirdanoq Madrid klubi tarkibini o‘rganishga kirishgani aytilmoqda.

Defensa Central nashri jurnalist Migel Serranoga tayanib xabar berishicha, Mourino “Real”da ish boshlasa, Eduardu Kamavinga bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Manbaga ko‘ra, portugaliyalik murabbiy fransuz yarim himoyachisini o‘z loyihasida asosiy figura sifatida ko‘rmayapti.

Aytilishicha, Mourino Kamavingani sotib, uning o‘rniga “Vulverxempton” yarim himoyachisi Joao Gomesni olib kelishni istamoqda. Angliya klubi Premer-ligani tark etgani sabab, braziliyalik futbolchining transferi amalga oshishi mumkin bo‘lgan variantlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Manba ta’kidlashicha, Mourinoga “o‘zi to‘liq ishonadigan futbolchilar” kerak. Uning nazarida Kamavinga hozircha shunday o‘yinchilar qatoriga kirmaydi. Portugaliyalik mutaxassis har doim markazda intizom, jismoniy kurash va aniq vazifa bajaradigan futbolchilarni qadrlagani bilan tanilgan.

Kamavinga esa joriy mavsumda “Real” safida barcha musobaqalarda 43 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Fransiyalik futbolchi bu o‘yinlarda 2 ta gol va 1 ta golli uzatma qayd etdi. Uning madridliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan.

Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, Kamavinganing bozor qiymati 50 million yevroni tashkil qiladi. Shu bois uning ehtimoliy sotilishi “Real” uchun moliyaviy jihatdan ham muhim qaror bo‘lishi mumkin.

Qisqasi, agar Mourino haqiqatan ham “Real”ga qaytsa, tarkibda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Kamavinga ketishi, Joao Gomes esa yangi loyihaning bir qismiga aylanishi mumkin. “Osobenniy” qaytsa, kimdir qoladi, kimdir ketadi — Mourino rejimida sentimentallik kam, talab esa baland.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.