Frenkie de Jong Marcus Rashfordning Barselonada qolishini istamoqda

Marcus Rashfordning Barselonadagi ijarasi yakuniga yetar ekan, jamoa ichida unga boʻlgan ishonch ortib bormoqda. Niderlandiyalik yarim himoyachi Frenkie de Jong ochiqchasiga klub rahbariyatini angliyalik hujumchini doimiy asosda sotib olishga chaqirdi. Rashford Hansi Flick qoʻl ostida kataloniyaliklarning chempionlik poygasida muhim rol oʻynadi va muxlislar mehrini qozondi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
SPORT nashriga bergan intervyusida De Jong shunday dedi: "Ha, u jamoada qolish huquqini qoʻlga kiritdi. Maydonda oʻtkazgan daqiqalarida u bizga juda koʻp narsa berdi: gollar, assistlar va xavfli hujumlar. U raqib himoyasi uchun haqiqiy tahdid sola oladigan tezkor oʻyinchi. Agar u biz bilan qolsa, juda xursand boʻlardim".
28 yoshli hujumchining Ispaniyadagi taʼsiri inkor etib boʻlmas darajada boʻldi. Rashford barcha musobaqalarda 14 ta gol va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Ayniqsa, uning Real Madridga qarshi El-Klasikoda Lionel Messi uslubida jarima zarbasidan urgan goli chempionlik taqdirini hal qildi va Barselona muxlislari xotirasida muhrlanib qoldi.
Rashfordning oʻzi ham Manchesterga qaytishni istamayapti va transferni amalga oshirish uchun maoshining kamayishiga rozi boʻlgan. Biroq, Manchester Yunayted qoʻyayotgan yuqori narx va Barselonaning moliyaviy holati bitimni murakkablashtirmoqda. Klub hozirda asosiy toʻlovni kechiktirish uchun majburiy sotib olish sharti bilan qayta ijara variantini koʻrib chiqmoqda.













