Cristiano Ronaldo nihoyat chempion: Al-Nassr Saudiya taxtini qaytardi

Cristiano Ronaldo nihoyat chempion: Al-Nassr Saudiya taxtini qaytardi

Cristiano Ronaldo besh yillik tanaffusdan soʻng nihoyat yirik sovrinni qoʻlga kiritdi. Payshanba oqshomida "Damak" ustidan 4:1 hisobida gʻalaba qozongan Al-Nassr 2025-26-yilgi mavsumda Saudiya Pro Ligasi chempionligini rasmiylashtirdi. Jorge Jesus shogirdlari turnir jadvalida ashaddiy raqibi Al-Hilal jamoasini ikki ochkoga ortda qoldirib, marraga birinchi boʻlib yetib kelishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Uchrashuvda Liverpul sobiq vingeri Sadio Mane va Bavariya afsonasi Kingsley Coman tomonidan kiritilgan gollar Al-Nassrni oldinga olib chiqdi. Shundan soʻng, Cristiano Ronaldo oʻzining dubli bilan oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻydi. Ayniqsa, 41 yoshli hujumchining jarima zarbasidan yoʻllagan goli va yaqin masofadan amalga oshirgan aniq zarbasi stadiondagi muxlislarni hayajonga soldi.

Al-Nassr uchun ushbu gʻalaba juda muhim edi, sababi jamoa oʻtgan haftada Osiyo Chempionlar ligasi 2 finalida Gamba Osaka jamoasiga imkoniyatni boy bergan edi. Biroq Ronaldo va uning jamoadoshlari bosimni yengib oʻtib, 2019-yildan buyon ilk bor mamlakat chempionligini qoʻlga kiritishdi. Bu Ronaldoning 2021-yilda Yuventus safida Italiya kubogini yutganidan keyingi birinchi yirik klub sovrinidir.

Mavsumni 28 ta gol bilan yakunlagan Cristiano Ronaldo endi bor eʼtiborini Portugaliya terma jamoasiga qaratadi. Besh karra "Oltin toʻp" sohibi 2026-yilgi Jahon chempionati uchun qaydnomaga kiritilgan. Roberto Martinez boshchiligidagi jamoa guruh bosqichida Kongo DR, Kolumbiya va Oʻzbekiston terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.