Leon Goretzka Bavariya bilan xayrlashib Milan safiga oʻtishga yaqin turibdi

Leon Goretzka Bavariya bilan xayrlashib Milan safiga oʻtishga yaqin turibdi

Leon Goretzka Bavariya tarkibini tark etganidan soʻng Milan klubiga qoʻshilishi kutilmoqda. La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, germaniyalik yarim himoyachi Milan bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bilan telefon orqali muloqot qilgan va italiyalik mutaxassisning loyihasi unga maʼqul kelgan. "Rossoneri" futbolchiga yiliga 5 million yevro maosh va katta bonuslarni koʻzda tutuvchi uch yillik shartnoma taklif qilgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Xabarlarga koʻra, Milan 31 yoshli futbolchi uchun kurashda Inter, Napoli va Yuventus kabi raqiblarini ortda qoldirgan. Qishki transfer oynasida Atletiko Madrid ham markaziy yarim himoyachini oʻz safiga qoʻshib olishga urinib koʻrgan edi, biroq bu amalga oshmadi. Goretzka va Milan oʻrtasidagi shaxsiy kelishuvga bir necha hafta oldin erishilgan boʻlsa-da, transferning yakunlanishi uchun bitta muhim shart qolmoqda.

Ushbu transfer amalga oshishi uchun Milan Chempionlar ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi shart. Hozirda jamoa Roma, Komo va Yuventus bilan qolgan ikki yoʻllanma uchun kurash olib bormoqda. Soʻnggi tur oldidan Milan va Roma 70 tadan ochko toʻplagan holda eng yaxshi imkoniyatga ega. Yakshanba kuni "San-Siro"da Kalyari bilan durang oʻynash ham Milan uchun Chempionlar ligasi yoʻllanmasini va Goretzka transferini naqd qiladi.

Leon Goretzka Myunxendagi sakkiz yillik faoliyati davomida yettita Bundesliga chempionligi, Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqdi. Shanba kuni Bavariya Germaniya kubogi finalida VfB Shtutgart bilan toʻqnash keladi va bu Goretzka uchun klubdagi soʻnggi sovrin boʻlishi mumkin. Biroq, futbolchining soʻnggi paytlarda asosiy tarkibdagi oʻrni yoʻqolgan.

Vincent Kompany kelganidan soʻng, Goretzkaga jamoani tark etishi mumkinligi aytilgan edi. Garchi u qolishni tanlagan va jarohatlar sababli Joshua Kimmich bilan birga maydonga tushgan boʻlsa-da, Real Madrid va PSJga qarshi muhim oʻyinlarni zaxira oʻrindigʻida oʻtkazdi. Endilikda tajribali futbolchi faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettirishga juda yaqin turibdi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.