Joao Felix: Cristiano Ronaldo Saudiya chempionligi uchun qattiq azob chekdi

Joao Felix: Cristiano Ronaldo Saudiya chempionligi uchun qattiq azob chekdi

Al-Nassr hujumchisi Joao Felix jamoasining uzoq kutilgan chempionlik poygasida Cristiano Ronaldo qanchalik katta ruhiy bosim ostida qolganini soʻzlab berdi. Saudiya Pro ligasining soʻnggi turida qoʻlga kiritilgan gʻalaba klubning etti yillik sovrinsiz seriyasiga chek qoʻydi. Portugaliyalik pleymeyker oʻz jamoadoshining gʻalabaga boʻlgan kuchli ishtiyoqi va ichki kechinmalari haqida batafsil toʻxtaldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Al-Nassr 2025-26-yilgi mavsumda Damac ustidan 4:1 hisobida gʻalaba qozonib, Al-Hilal jamoasini ikki ochkoga ortda qoldirgan holda chempionlikni rasmiylashtirdi. Hal qiluvchi bahsda Cristiano Ronaldo dubl qayd etgan boʻlsa, Sadio Mane va Kingsley Coman ham oʻz hisobiga bittadan gol yozdirib qoʻydi. Ushbu muvaffaqiyat Ar-Riyod klubi uchun tarixiy ahamiyatga ega boʻldi.

Joao Felix Sport TV telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi: "Cristiano bu yerda oʻzining ilk chempionligini qoʻlga kiritish uchun juda koʻp harakat qildi. Men u bilan har kuni birgaman va bu yoʻlda u qanchalik azob chekkanini, gʻalaba qozonishni qanchalik xohlaganini bilaman. Final hushtagidan keyin uni quchoqlab tabrikladim. Saudiya Arabistonida Al-Nassr bilan chempion boʻlish oson emas, bu yerda futboldan tashqari koʻplab omillar mavjud".

Oʻzining debyut mavsumi haqida gapirar ekan, Felix Saudiya Arabistoniga koʻchib oʻtish qaroridan afsusda emasligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, jamoadagi muhit, oʻyin uslubi va sheriklari uning oʻsishiga katta yordam bergan. Shuningdek, u mavsumning eng yaxshi futbolchisi sovrini yo oʻziga, yoki Cristiano Ronaldo topshirilishi adolatdan boʻlishini qoʻshimcha qildi.

Endilikda Al-Nassr yulduzlari bor eʼtiborini terma jamoa safidagi ishtiroklariga qaratishadi. Joao Felix Jahon chempionati haqida toʻxtalib, Portugaliya terma jamoasining imkoniyatlarini yuqori baholadi: "Bizda ajoyib tarkib bor. Agar biroz omad kulib boʻlsa, biz Jahon chempionatida gʻolib chiqishimizga ishonaman. Hozir biroz dam olib, soʻng bor kuchimiz bilan tayyorgarlikka kirishamiz".

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.