Barselona Tottenxem himoyachisi Cristian Romero uchun harakat boshladi

Barselona jamoasi yozgi transfer oynasi uchun oʻzining asosiy himoya nishonini aniqlab oldi. Kataloniyaliklar Tottenxem markaziy himoyachisi Cristian Romero transferi boʻyicha jiddiy qiziqish bildirmoqda. Sport nashrining xabar berishicha, sport direktori Deco Alessandro Bastoni nomzodidan voz kechib, bor eʻtiborini Argentina terma jamoasi aʻzosiga qaratgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Tottenxem oʻz yetakchisi uchun kamida 60 million yevro talab qilmoqda. Biroq, Barselona rahbariyati bu narxni pasaytirishga umid qilmoqda. London klubining Angliya Premer-ligasidagi holati va quyi ligaga tushib ketish xavfi transfer qiymatiga sezilarli taʻsir koʻrsatishi mumkin. Agar Tottenxem elitani tark etsa, himoyachining narxi keskin tushishi kutilmoqda.
Hozirda Cristian Romero va Tottenxem oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashgan. Futbolchi tizzasidan olgan jarohatini Angliyada emas, balki Argentinada, sobiq klubi Belgrano bazasida davolatmoqda. Bu holat London klubi muxlislarining noroziligiga sabab boʻldi va uning jamoadan ketishi haqidagi gap-soʻzlarni yanada kuchaytirdi.
Barselona murabbiylar shtabi Romeroning tajovuzkor oʻyin uslubi va yetakchilik qobiliyatini Hansi Flick tizimi uchun juda mos deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, klub moliyaviy cheklovlar tufayli muqobil variantlarni ham koʻrib chiqmoqda. Roʻyxatda Roma himoyachisi Evan Ndicka va Saudiya Arabistoni chempionatidagi arzonroq variantlar ham bor.













