Saida Mirziyoyeva futbolchilarga omad tiladi


Kuni kecha Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham farzandi bilan mazkur tadbirda qatnashganini ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyeva o‘g‘lining qo‘lida futbolchilar dastxati tushirilgan to‘p borligini aytib, uni endi bebaho xazinadek asrashini ta’kidladi. Shu bilan birga, u milliy terma jamoa a’zolariga iliq tilaklarini bildirdi.
“Yigitlar, siz allaqachon ulkan marrani zabt etdingiz — xalqimiz qalbida orzu va ishonch uyg‘otdingiz. Endi esa o‘zbek futboli nimalarga qodir ekanini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ying.
Maydonga dadil tushing, yuragingizni berib o‘ynag. Bugun ko‘cha changitib to‘p tepayotgan, bir kun kelib milliy terma jamoa libosini kiyishni orzu qilayotgan har bir bolakay uchun o‘ynang.
Biz sizga ishonamiz. Butun mamlakat sizga ishonadi. Prezidentimiz sizga ishonadi”
— deb yozdi Saida Mirziyoyeva futbolchilarga omad tilab.




















