Diego Simeone Julian Alvarez’ning kelajagi haqida kutilmagan bayonot berdi

Diego Simeone Julian Alvarez’ning kelajagi haqida kutilmagan bayonot berdi

Atletiko Madrid bosh murabbiyi Diego Simeone hujumchi Julian Alvarez atrofidagi transfer mish-mishlariga munosabat bildirdi. Argentinalik mutaxassis futbolchining kelajagi borasida berilgan savolga keskin javob qaytarib, hujumchi oʻz yoʻlini allaqachon tanlab boʻlganiga shama qildi. Mavsumning soʻnggi oʻyinida Villareal jamoasidan qabul qilingan 1:5 hisobidagi magʻlubiyatdan soʻng, Simeone matbuot eʼtiborini oʻz yulduziga qaratdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Movistar nashriga bergan intervyusida Simeone futbolchining Madridda qolish-qolmasligi faqat uning oʻziga bogʻliqligini taʼkidladi. "Bu savolni menga emas, Julianning oʻziga berish kerak. U nima qilishni biladigan yoshda va menimcha, u allaqachon bir qarorga kelib boʻlgan", — deya qayd etdi murabbiy. Bu gaplar Madrid klubi muxlislari orasida Jahon chempioni jamoani tark etishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Hozirda Julian Alvarez xizmatlariga Angliya Premer-ligasi va Liga 1 grandlari jiddiy qiziqish bildirmoqda. Xususan, Arsenal ustozi Mikel Arteta hujum chizigʻini kuchaytirish maqsadida argentinalikni oʻz safiga qoʻshib olmoqchi. Shuningdek, Barselona va PSJ ham vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Biroq har qanday kelashuv uchun kamida 100 million yevrodan ortiq mablagʻ talab etilishi aytilmoqda.

Atletiko Madrid rahbariyati esa futbolchini sotish niyatida emasligini qatʼiy bildirgan. Sobiq Manchester Siti aʼzosi bilan imzolangan shartnoma 2030-yilgacha amal qiladi va unda 500 million yevro miqdoridagi tovon puli belgilangan. Klub rahbariyati Antoine Griezmann ketganidan soʻng, aynan 26 yoshli Alvarezni jamoaning yangi loyihasi markaziga qoʻymoqchi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.