Felipe Chavez Bundesligadagi ijaradan soʻng Bavariya tarkibiga qaytmoqda

Myunxenning Bavariya jamoasi tarbiyalanuvchisi Felipe Chavez Bundesligadagi qisqa muddatli ijaradan soʻng yana oʻz klubi ixtiyoriga qaytadigan boʻldi. Sky xabariga koʻra, 1. FC Köln klubi 19 yoshli yarim himoyachini toʻliq sotib olish huquqidan foydalanmaslikka qaror qildi. Qishki transfer oynasining soʻnggi kunida Kyoln safiga qoʻshilgan futbolchi kutilganidek asosiy tarkibdan mustahkam oʻrin egallay olmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Vaholanki, joriy yilning mart oyida Abendzeitung nashri 1. FC Köln rahbariyati perulik iqtidor egasini doimiy asosda olib qolishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi. Klub sport direktori Thomas Kessler oʻshanda yosh iqtidorning rivojlanish yoʻli aniq ekanini va uni bosqichma-bosqich Bundesliga darajasiga olib chiqish niyatida ekanliklarini taʼkidlagan edi. Biroq jamoaning turnir jadvalidagi ogʻir holati va murabbiylar almashinuvi bu rejalarga oʻz taʼsirini oʻtkazdi.
Felipe Chavez Kyoln safida jami 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, bor-yoʻgʻi 96 daqiqa harakat qildi. Uning eng uzoq davom etgan oʻyini Union Berlin bilan bahsga toʻgʻri keldi va u oʻshanda 28 daqiqa oʻynadi. Murabbiy René Wagner ham yosh yarim himoyachiga yetarli darajada ishonch bildirmadi. Shunga qaramay, Bavariya rahbariyati uni hamon katta salohiyatga ega futbolchi deb hisoblamoqda.
Eslatib oʻtamiz, chap oyoqda harakat qiluvchi ushbu futbolchi yanvar oyida Vincent Kompany qoʻl ostida Bavariya safida debyut qilishga ulgurgan edi. Uning myunxenliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilga qadar moʻljallangan. Hozircha futbolchi Bundesligada gol yoki assist qayd etmagan boʻlsa-da, mutaxassislar uning kelajagiga ijobiy baho berishmoqda.













